7 milliard soʻm – isteʼmolchilar foydasiga

    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga bu yilning birinchi choragi davomida isteʼmolchilardan 3552 ta murojaat kelib tushgan. Shu oʻrinda tabiiy bir savol tugʻiladi: bugun isteʼmolchilarning qaysi sohalardan koʻngli koʻp toʻlmayapti?

    Kelib tushgan arizalarni tahlil etilganda yurtdoshlarimizning savdo (1291 ta), gaz taʼminoti (473 ta), elektr energiyasi taʼminoti (285 ta), suv taʼminoti (182 ta), kommunal xizmat (136 ta) kabilardan norozilik koʻrsatkichi yuqori ekanini koʻrish mumkin.

    Bundan tashqari, sogʻliqni saqlash (46 ta), xizmat koʻrsatish (173 ta), transport (122 ta), aloqa va interet (106 ta) kabi sohalardan ham odamlarning koʻngli toʻlmayapti.

    Bu yilning birinchi choragida murojaatlar ijobiy hal etilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga 7 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ undirib berildi, deyiladi federatsiya axborot xizmati xabarida.