Aniqlanishicha, holat Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanida boʻlib, masʼullar tomonidan joyiga borib oʻrganish oʻtkazilganda, qizchaning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tugʻilgan kuni munosabati bilan oʻtkazilgan marosim ekanligi toʻgʻrisida tushuntirish berdilar.
D.K ning ota-onasi ayolni turmushga chiqishiga majburlash uchun jinoiy javobgarlik mavjud ekanligi toʻgʻrisida ogohlantirildilar.
Shuningdek, D.K. ning ota-onasi oʻz tushuntirishida videodagi holat toʻy yoki unashtiruv marosimi emasligi va qizini erta turmushga berish niyati yoʻqligi, unga taʼlim berish va shifokor boʻlib yetishishi niyatida ekanliklarini maʼlum qildi.
Shu bilan birga, respublikamizning bu hududida qizlarni unashtiruv marosimini erta oʻtkazish urf-odatlari qisman boʻlsada saqlanib kelayotganini inobatga olib, mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani oʻz nazoratini davom ettiradi. Jumladan, bu oilada bolaning jismonan va maʼnan sogʻlom muhitda parvarish qilinishi, uning taʼlim olish huquqi hamda kelgusida oʻz hayoti bilan bogʻliq qarorlarni qabul qilish huquqi taʼminlanishi kuzatib boriladi.
Bolalar ombudsmani qizlarni erta turmushga berish holatlariga mutlaqo murosasiz boʻlib, shunday fikrda boʻlgan ota-onalarni nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish uchun qonunan javobgarlik belgilanganligi haqida ogohlantiradi.