Eʼtiborlisi, mazkur sohadagi olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda buyrak koʻchirib oʻtkazish, jigar va oʻzak hujayra amaliyotlari yoʻlga qoʻyildi. Natijada bugungi kungacha yurtimizda 700 dan ortiq ana shunday operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi. Shu bilan birga, transplantatsiya amaliyotlari Samarqand, Namangan, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida ham oʻtkazildi.
Bundan tashqari, yurtimizda aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish, mazkur yoʻnalishda zamonaviy talablarga javob beradigan samarali tizimni shakllantirish maqsadida soʻnggi yillarda ixtisoslashtirilgan markazlar soni 10 tadan 20 taga yetkazildi. Ularning hududlarda 174 ta filiallari, tumanlarda 310 ta boʻlimlari tashkil etildi. Buning natijasida hududlardagi yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 55 foizgacha yetdi.
Shuningdek, avvallari kardioxirurgiya xizmati faqatgina Toshkent shahrida amalga oshirilgan boʻlsa, hozirda 12 ta hududda rentgenendovaskulyar boʻlimlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi hamda 10 ta viloyatda ochiq yurak operatsiyalari muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda.
Qolaversa, joriy yilda telemeditsina orqali 9 612 marotaba onlayn bogʻlanishlar tashkil qilinib, ularda 40 350 nafar bemorlar konsultatsiya qilingan, 2 850 ta konsiliumlar, 376 ta seminarlar, 590 ta mahorat darslari, 184 ta namoyishli jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi. Order berish tartibi bekor qilinib, navbat asosida davolanish tizimi joriy etildi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.