71 kishidan iborat qoʻshimcha qidiruv-qutqaruv va tibbiyot xodimlari guruhi Turkiyaga yetib bordi

    Xalqaro hamkorlik 9 Fevral 2023 1749

    Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi tibbiy otryadining 50 nafar xodimi xizmat qiladigan bir gektar maydonga toʻqqizta alohida boʻlinmadan iborat koʻchma shifoxona majmuasini joylashtirish rejalashtirilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga binoan mamlakatimiz maxsus borti zilzila oqibatida jabrlanganlarga shoshilinch yordam koʻrsatish maqsadida Turkiyaning Gaziyantep shahriga yetib bordi.

    Bortda umumiy soni 71 kishidan iborat qoʻshimcha qidiruv-qutqaruv va tibbiyot xodimlari guruhi bilan bir qatorda, navbatdagi gumanitar yordam partiyasi ham yetkazildi.

    Jabrlanganlarga yordam berish maqsadida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi tibbiy otryadining 50 nafar xodimi xizmat qiladigan bir gektar maydonga toʻqqizta alohida boʻlinmadan iborat koʻchma shifoxona majmuasini joylashtirish rejalashtirilgan.

    Ushbu dala shifoxonasi barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar bilan toʻliq taʼminlanadi.