Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi U.B. ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan uydirma va bo'hton ma'lumotlar berilgan turli xil video va foto tasvirlar tarqatayotgan noma'lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko'rishlikni so'rab IIVga ariza bilan murojaat qildi.
Fuqaroning so'zlariga ko'ra, telegram messenjerida noma'lum akkaunt foydalanuvchisi unga murojaat qilib, ushbu ma'lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlash evaziga 8 million so'm talab qilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida tovlamachilik bilan pullarni o'zlashtirmoqchi bo'lgan shaxslar Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi 1985-y.t. M.R. va 1947-y.t. N.S. ekanligi aniqlangan.
M.R. va N.S. talab qilingan pullarni fuqaro U.B.dan qabul qilib olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo'lga olinib, tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan hujjatlashtirilgan.
M.R. va N.S.ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borildi.