Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.
Raqobat qoʻmitasi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda boshlangan yangi loyihaga asosan nazorat xaridi tashkil etildi. Loyihadan koʻzlangan maqsad sifatsiz mahsulotlardan isteʼmolchilarni himoya qilish, mahsulotlar sifatini nazorat qilish, isteʼmolga yaroqsiz hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga javob bermaydigan mahsulotlar aylanmasining oldini olishdir.
Maʼlumotlarga koʻra, nazorat xaridi uchun Toshkent shahridagi savdo shoxobchalaridan 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar xarid qilindi va belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, akkreditasiyadan oʻtgan laboratoriyalarga sinovdan oʻtkazish uchun taqdim etildi.
Mahsulotlarning sifati va xavfsizligi boʻyicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Milliy “Referens” va “Texnostandart–NEO” MCHJ huzuridagi akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar xulosalarini berdi.
Sinov natijasida 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 8 nomdagisi yaʼni ularning 88 foizi amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi maʼlum boʻldi.
Jumladan, texnik reglament yoki standart talablari boʻyicha kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yorliqlanishi va qadoqlanishi bilan bogʻliq boʻlib, quyidagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegishli ekanligi aniqlandi:
— “BRUNI” shokoladli keks mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Almerro Group” MCHJ;
— “SELLATILGAN MOL GOʼSHTI oliy nav” Konservalangan mol goʻshti mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Marmaks” QK MCHJ;
— “BIO KEFIR” kefir — ishlab chiqaruvchi korxona “DIL-BAH DAIRY GROUP” MCHJ;
— “Qand” mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Prima industries group” MCHJ;
— “Chernogolovka” gazlangan salqin ichimlik — ishlab chiqaruvchi korxona “Aqua Products” MCHJ QK;
— “Urussa” kungaboqar yogʻi — ishlab chiqaruvchi korxona “Resurs” moy ekstraksiya zavodi;“Kunjutnoye maslo” yogʻ mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XK;
— “Sedana yogʼi” yogʻ mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XKlar.
Raqobat qoʻmitasi nazorat xaridi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qoʻyish yuzasidan belgilangan tartibda choralar koʻrilayotganini qayd etgan.