Jumladan, boʻlimlar ish yurituvida joriy yilning 1-sentyabr holatiga 7547 ta umumiy miqdori 190 mlrd soʻmlik ijro hujjatlari mavjud. Davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida 5539 ta salkam 147 mlrd soʻmga yaqin ijro hujjatlari amalda tamomlandi.

Masalan, Byuroning Namangan shahar boʻlimi ish yurituvida qarzdor «Namangan Agrokimyohimoya» XAJdan soliq qarzdorligini undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati kelib tushgan.

Mazkur ijro hujjatini ijrosini taʼminlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, davlat ijrochisi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilib, qarzdor jamiyatga soliq qarzdorligini toʻlash boʻyicha ixtiyoriy muddat berilgan.

Biroq, ijro ixtiyoriy muddatda bajarilmagani uchun majburiy harakatlar olib borildi. Yaʼni, jamiyatga tegishli avtotransport vositalari va koʻchmas mulklar xatlandi. Shundan soʻnggina jamiyat mutasaddilari “uygʻondi” shekilli 2 mlrd 199 mln soʻm soliq qarzdorligi undirilib, boʻlim depozit hisob-raqamiga oʻtkazildi.

Umuman olganda, 2020-yilning 8 oyi davomida 20 mlrd soʻmdan ortiq mol-mulklar soliq qarzdorligi uchun xatlanib, “E-ijro” auksion savdosi orqali sotuvga chiqarilgan. Bundan tashqari, shahar va tumanlar soliq inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda 79 mlrd soʻm mablagʻ mahalliy byudjetga tushirishga erishilgan.  

Oybek Akramov,

MIB Namangan viloyat boshqarmasi katta inspektori