Xalqimizda “Sog'lom tanda –sog' aql” degan hikmatli gap bor. Pedagoglar yosh avlodni har tomonlama barkamol voyaga etkazish, ularga zamonaviy andozalar darajasida saboq berish bilan bir qatorda munosib dam olishlari, sog'liklarini muntazam tiklab olishlari ham muhim.

SHu ma'noda Xalq ta'limi vazirligi  tashabbusi bilan pedagoglarning dam olishlari, sog'liqlarini tiklashlari uchun ularga yaratib berilgan sharoitlar ko'lamini boshlanayotgan yilimizning ilk kunlaridanoq his qildik. Toshkent shahrining qoq markazida qad rostlagan “CHinobod Plaza” sanatoriyasining muhtasham, zamonaviy majmuasi ilk mehmonlari sifatida 80 nafar o'qituvchilarni qabul qildi.

Sanatoriyaning yangi binosi eng so'ngi andozalar asosida barpo qilingan va barcha tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta'minlangan. Sanatoriyadagi dam olish va davolanish uchun barcha sharoit muhayyo qilingan

 Xorazmdan tashrif buyurgan bir guruh pedagoglar qatorida men ham ushbu muhtasham sihatgohda dam olib, sog'ligimni tiklash baxtiga muyassar bo'lmoqdaman. Sanatoriyaga ilk tashrif buyurgan pedagoglar bilan uchrashish uchun Xalq ta'limi vaziri shaxsan tashrif buyurdi va Prezidentimiz tomonidan o'qituvchilik kasbiga bo'lgan e'tibor va bu borada qilinayotgan ishlar haqida biz bilan erkin muloqot qildi.

 e'tiborli tomoni, bu yil ilk bora o'n uch yarim ming nafardan ziyod pedagoglarga O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan sanatoriyalarda dam olib, sog'liklarini tiklash uchun bepul yo'llanmalar ajratilayotgan ekan.

Sanatoriyada dam olib, sog'liklarimizni tiklab olgach yangicha kuch va g'ayrat bilan ishga kirishishimiz, ta'lim tizimini yuqori pog'onalarga olib chiqish yo'lida bor tajriba va mahoratimizni bahshida qilishimiz aniq. Bu biz pedagoglarning Prezidentimiz e'tirofi va ehtiromlari uchun munosib javobimiz bo'ladi.

Feruza TILLAEVA,

Xorazm viloyati, Bog'ot tumanidagi   12-sonli umumta'lim maktabi direktori, “Sog'lom avlod uchun” ordeni sohibi