AOKAda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi vakillari bilan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda taʼkidlanishicha, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga oʻtgan 3 yil mobaynida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, qurilish va transport sohasida 30 729 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ular murojaatlarni koʻrib chiqilishi natijasiga koʻra 80 milliard 40 million 672 ming soʻmga yaqin mablagʻlar isteʼmolchilar foydasiga hal etildi.

Misol uchun, joriy yilning oʻtgan davr mobaynida isteʼmolchilar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun quruvchi yoki qurilish-pudrat tashkilotlaridan tomonidan qurilayotgan koʻp kvartirali uylardan xonadon sotib olish toʻgʻrisida kelishilgan shartnomaning muhim shartlari buzilishi (belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi) boʻyicha 441 ta murojaatlar kelib tushdi. Mazkur murojaatlarni koʻrib chiqish natijasiga koʻra, 290 ta isteʼmolchilarga 1 526,7 million soʻm pul mablagʻi qaytarib berilishi taʼminlandi.

22 ta isteʼmolchilarni qonuniy huquq va manfaatlarini sudlarda himoya qilishni koʻzlab 420,0 mln.soʻmga daʼvo arizalari kiritildi, qolgan 129 ta murojaatchilarning oʻzaro 2 462,0 million soʻmga tuzilgan shartnoma shartlarini oʻrganish orqali isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi alomatlariga aniqlik kiritilmoqda.

Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida ayrim sabablarga koʻra aviachipta hamda biletlardan foydalana olmagan isteʼmolchilarning aviachipta pulini qaytarib olishdagi muammolari boʻyicha 581 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, 154 nafar fuqaroga 316,1 million soʻmlik aviachiptalarning pullari, qolgan 241 nafar fuqaroga 56,7 million soʻmlik bilet pullari qaytarib berilishi taʼminlandi.

Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, Agentlikning ishonch telefoni, elektron pochta hamda veb-sayti orqali joriy yilning oʻtgan davri davomida uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, qurilish va transport sohasida shartnoma shartlarining muhim shartlari, belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarmayotganligi va boshqa holatlar boʻyicha 6039 ta murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlar tegishliligi boʻyicha masʼul tashkilotlar bilan koʻrib chiqilib, qonuniy choralar koʻrilib kelinmoqda.