Tadbirda O'zbekiston akkreditatsiya markazi direktori A.Zakirov, O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyati hamda bir qator xalqaro ekspertlar, jumladan, Akkreditatsiya bo'yicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligi (APAC) baholovchisi hindistonlik Anil Jauxri, Rossiya Federatsiyasining Federal akkreditatsiya xizmati rahbari o'rinbosari Dmitriy Gogolev, akkreditatsiya sohasidagi turkiyalik xalqaro ekspert Atakan Bashturk, akkreditatsiya sohasini rivojlantirish bo'yicha germaniyalik xalqaro ekspert Manfred Kindler va boshqa bir qator mutahassislar ishtirok etdi.
Joriy yilgi Butunjahon akkreditatsiya kuni xalqaro akkreditatsiya hamjamiyati — Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) va Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamkorligi (ILAC) tomonidan “Barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshishida akkreditatsiyaning o'rni” shiori ostida o'tmoqda. Ushbu shior bevosita Birlashgan millatlar tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) uyg'un va unda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan.
Bugungi kunda O'zbekiston akkreditatsiya tizimi turli xizmatlar ko'rsatuvchi laboratoriyalar faoliyatini xalqaro standartlar asosida akkreditatsiyadan o'tkazish orqali inson salomatligiga, oziq-ovqat sifatiga, ekologiya sofligiga, toza suv ta'minotiga, turmush sifatining oshishiga, barqaror shaharlar barpo etilishiga, malakali mutahassislar tajribasi ortishiga xissa qo'shib, BRMlarining yurtimizda tadbiq etilishiga ko'mak bermoqda.
O'zbekiston akkreditatsiya markazi direktori A.Zakirov sohada olib borilayotgan islohotlar haqida gapirar ekan, mahalliy mahsulotlarimizning eksportga chiqish ko'lami kengayib borayotganligi sababli, xorijda tan olinadigan sertifikatlarga ham talab ortib borayotganligini ta'kidladi.
— Bugungi kunda mahalliy sertifikatlash idorasi xorijiy tan olingan akkreditatsiya idoralaridan akkreditatsiyadan o'tgan zamonoq, maxalliy akkreditatsiya idorasi unga ham milliy ham xalqaro sertifikatlar berish imkoniyati yaratilmoqda. Birgina xalqaro tan olingan sertifikat bilan ham ichki, ham xorijiy davlatlar uchun mahsulotlarni eksport qilish va xorij bozoriga ularning texnik to'siqlarsiz kirib borishiga sharoit yaratiladi, — dedi A.Zakirov o'z ma'ruzasida.
Anjumanda yurtimizda akkreditatsiya sohasida olib borilayotgan tub islohotlar, iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va xalqaro savdoda samarali muvofiqlikni baholash mexanizmining o'rni haqida so'z bordi. Soha vakillari O'zbekiston akkreditatsiya markazi oldida turgan ustuvor vazifalar, laboratoriyalarda ISO/IEC 17025:2017 xalqaro standartining texnik talablarini bajarish hamda bu boradagi xalqaro tajriba xususida tadbir ishtirokchilariga ma'lumot berishdi.
Rossiya Federatsiyasining Federal akkreditatsiya xizmati rahbari o'rinbosari Dmitriy Gogolev esa Rossiya Federal akkreditatsiya tizimining xalqaro darajada tan olinishiga erishishi yo'lida orttirgan tajriba va yutuqlari bilan o'rtoqlashdi.
Ma'lumot uchun, “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DUK yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, muvofiqlikni baholash organlari va metrologiya xizmatlarining kompetentligini baholash ishlarini olib boradi. 2021-yilda Markaz tomonidan 120 ta murojaatlar ko'rib chiqilgan bo'lib, 32 ta muvofiqlikni baholash organlari Milliy akreditatsiya tizimida xalqaro standartlarga asosan muvaffaqiyatli akkreditatsiyadan o'tkazildi.
Markaz 2019-yil aprel oyidan Akkreditatsiya markazi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi akkreditatsiya hamkorligi (APAC), 2020-yil aprel oyidan Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiyalash hamkorligi (ILAC) hamda 2020-yil dekabr oyida Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF)ga a'zo bo'ldi va Milliy akkreditatsiya tizimi xalqaro darajada tan olindi.