Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev 5-sentyabr kuni Senat majlisida mamlakatda kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshirilgan ishlarini muhokama qilar ekan, bir qator jiddiy kamchiliklarni taʼkidladi.
Qayd etilishicha, 2024-yilda hisobotlarda haqiqatda mavjud boʻlmagan 900 mingga yaqin ish oʻrni kiritilgan, 78 ta holatda 12 mlrd soʻmlik ish haqi talon-toroj qilingan. Shu bilan birga, fuqarolarga toʻlanmay qolgan 11 mlrd soʻm miqdoridagi ish haqlari undirib berildi.
Shuningdek, prokuratura organlari oʻtgan yili 29 mingdan ortiq tadbirkor va investorlarning muammolarini hal qilishda amaliy yordam koʻrsatdi. Natijada 7 mingdan ortiq yangi korxona tashkil etilib, 22 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish jarayonida esa 3 trln 449 mlrd soʻmlik soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash holatlari fosh etildi. Bundan tashqari, yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha nazorat mexanizmlaridagi kamchiliklar bartaraf etilib, davlat byudjetiga qoʻshimcha 200 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ tushishi taʼminlandi.








