Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) vitse-prezidenti etib saylandi. Bu haqda Sport vazirligini matbuot xizmati xabar qilmoqda.
11-aprel kuni Termiz shahrida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi ijroqoʻmining navbatdan tashqari yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Ijroqoʻm aʼzolari kurashning vatani boʻlgan mamlakat Oʻzbekiston bilan oʻzaro aloqada boʻlish uchun yangi IKA vitse-prezidenti lavozimini joriy etishga qaror qilgan.
IKA prezidenti Haydar Farman ushbu yangi tashkil etilgan lavozimga Oʻzbekiston Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovni tayinlashni taklif qildi. Kengash aʼzolari ushbu taklifni bir ovozdan qoʻllab-quvvatlagan.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasining ijroqoʻm yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirining oʻrinbosari Avazjon Karimov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov hamda MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi.