Oʻzbekiston bilan YEXHT oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar Oʻzbekiston bilan YEXHT oʻrtasida soʻnggi yillarda oʻrnatilgan ochiq va ishonchli muloqotni alohida taʼkidladilar, har uch yoʻnalish boʻyicha hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Poytaxtimizda joriy yil 3-4-mart kunlari “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi global strategiyasini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzusida boʻlib oʻtgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaning samarali natijalari qayd etildi.

Oʻzaro manfaatli sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Ayrim mintaqaviy masalalar, xususan, Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.