Muzokaralar chog‘ida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tomonlarning yondashuv va pozitsiyalari to‘liq mos ekani qayd etildi.

Ikki va ko‘p tomonlama formatlarda qo‘shni Afg‘onistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashish uchun muvofiqlashtirilgan yaqin hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Pokiston harbiy qo‘mondoni O‘zbekiston rahbariyatining «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Davlat va hukumatlar rahbarlari, ikki mintaqaning yuqori darajadagi delegatsiyalari, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari, shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab davlatlari vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan forumda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yo‘nalishlari belgilab olinishi ta’kidlandi.

Pokiston tomoni «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘l qurilishi bilan bog‘liq logistika loyihasini birgalikda amalga oshirishga to‘liq sodiqligini tasdiqladi.

Tomonlar mazkur loyiha Markaziy va Janubiy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston-Pokiston savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada faollashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.