Abdulaziz Komilov Saudiya Arabistoni Podshohligi Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 14 Mart 2023 1029

    Ar-Riyozda Oʻzbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon Ol Saud bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida barcha yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli munosabatlarning istiqbollari, rejalashtirilayotgan tadbirlar bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

    Faysal bin Farhon Oʻzbekiston Prezidentining 2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga buyurgan davlat tashrifi yakunlarini yuqori baholar ekan, uning doirasida erishilgan kelishuvlar koʻp qirrali Oʻzbekiston - Saudiya aloqalari rivojini yangi bosqichga koʻtarganini taʼkidladi.

    Uning soʻzlariga koʻra, oliy darajadagi tashrifdan soʻng ikki davlatning vazirlik va idoralari oʻrtasida oʻzaro tashrif almashuvlari jadal tus olgani Saudiya tomonidan yuqori baholanmoqda.

    Vazir Saudiya Arabistoni Oʻzbekiston bilan barcha yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishdan davom etishidan manfaatdor ekanligini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

    Faysal bin Farhonning aytishicha, “Podshohlik Oʻzbekistonni mintaqadagi asosiy davlatlardan biri deb biladi, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholaydi. Oʻzbekiston rahbariyati eʼlon qilgan 2023-yildagi ustuvor yoʻnalishlar, xususan, samarali davlat boshqaruvi tizimiga oʻtish, Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish va boshqa islohotlar Saudiya Arabistoni Podshohligi manfaatlariga ham mos keladi”.

    U, shuningdek, Saudiya Arabistoni Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdagi mavjud ulkan salohiyatdan yanada samarali foydalanish hamda tomonlar uchun manfaatli boʻlgan barcha sohalarda oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur choralarni koʻrishga tayyor ekanligini taʼkidladi.

    Suhbat chogʻida ikki tomonlama munosabatlarni turli sohalarda mustahkamlash va rivojlantirish yoʻllari koʻrib chiqildi, mintaqaviy va xalqaro maydondagi oʻzgarishlar hamda bu borada olib borilayotgan saʼy-harakatlar, shuningdek, ikki va koʻp tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.