Qabulda dastlab, Chexiya Prezidenti Petr Pavel Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda olib borayotgan islohotlari va ochiq tashqi siyosatlarini olqishladi hamda Davlatimiz rahbariga samimiy salomini yetkazib qoʻyishni soʻradi.
Oʻz navbatida, Bosh vazir Abdulla Aripov Chexiya Prezidentiga Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ham salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda mamlakatimizning bugungi kunda erishayotgan natijalarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida olib borilayotgan islohotlar asosiy omil boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, bugun Oʻzbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda. Pirovardida, xorijiy davlatlar, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi bilan teng va oʻzaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston-Chexiya oʻrtasida barcha yoʻnalishlarda hamkorlik kengayayotgani, vazirlar darajasidagi aloqalar ham faollashib borayotgani bunga misol.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, energetika, transport, turizm, qishloq xoʻjaligi, madaniy-gumanitar, turizm, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Umuman olganda, Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Chexiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakatning “Shkoda”, “Omnipol”, “Kristal Bogemiya”, “Primako” va boshqa yetakchi firma va kompaniyalari vakillari bilan tegishli yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish maqsadida bir qator korxonalarga tashrif buyurildi.
Chexiyaga tashrif yakunlari boʻyicha umumiy qiymati 800 million yevrodan ziyod investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.