Abdulla Aripov raisligidagi videoselektorda Rahmat Mamatov, Azizbek Ikromov va Botir Parpiyevga hayfsan berildi

    Hukumat 8 Avgust 2020 2145

    Vazirlar Mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyati tanqidiy muhokama qilindi.

    Kun.uz muxbiri xabariga koʻra, yigʻilishda tizimdagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalari ham koʻrib chiqildi.

    Ishda yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, vazir oʻrinbosarlari Azizbek Ikromov va Botir Parpiyevga hayfsan eʼlon qilindi.

    Avvalroq, bosh vazir raisligida videoselektor oʻtkazilayotgani, ayrim mahallalar raislari keskin tanqid qilingani xabar berilgandi.

    Hukumat rahbari moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarga respublika byudjetidan ajratilgan bir martalik moddiy yordam pullarini tarqatishda sustkashlikka yoʻl qoʻygan ayrim mahallalar raislarining qilmishini keskin tanqid qildi.

    Bosh vazir buni hech qaysi mezon bilan oqlab boʻlmasligini maʼlum qilgan.