– “Eʼtirof” kitobiga ustozga bagʻishlab sheʼriyat muxlislari, shogirdlari, shoir doʻstlari tomonidan yozilgan sheʼriy ehtiromlarini jamladim, – deydi shoira Farogʻat Xudoqulova. – Unga boshida mualliflardan 500ga yaqin sheʼrlar tushdi. Shundan 100dan ortiq eng saralarini tanlab oldik. Sheʼrlarda aks ettirilgan sogʻinch va oʻkinch tuygʻulari xalqning buyuk shoirimizga boʻlgan mehr va hurmati belgisidir.
– “Shoirning tugʻilishi” nomli kitobga kiritilgan sheʼrlar shoirning “eʼlon qilinmagan sheʼrlar” turkumidan jamlangan, – deya taʼkidladi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Nurboy Jabborov. – Unga ayrim sheʼrlarning qoʻlyozmalari ham joylashtirilgan. Sheʼrlar muallifning asosan 1957-1965-yillar orasidagi ilk ijod namunasidir. Kitob nomini ham ustozning oʻzi qoʻygan.
.Ilk marotaba oʻquvchilarga havola etilayotgan ushbu kitobda shoirning asosan oʻsmirlik, yoshlik chogʻlarida yozgan, shuningdek, umrining boshqa fasllarida yozilgan qoʻlyozmalari oʻrin olgan.
– Otamning ijodiga bagʻishlangan bugungi katta taqdimot uchun, avvalo, Yozuvchilar uyushmasiga katta rahmat, – dedi Shoira Oripova. – Bugungi tadbirga yigʻilganlar oilamiz uchun barchasi qadrlidir. Otamning sheʼrlari kirib borgan har bir xonadonda samimiylik, odamiylik ustun boʻlishiga ishonaman.
Taqdimotda soʻzga chiqqanlar “Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida” kitobi haqida ham fikr bildirdi. Unda badiiy ocherklar, publitsistik maqolalar, bagʻishlov sheʼrlar, tadqiqotlar jam boʻlgani eʼtirof etildi.
Kitob bir necha boʻlimlardan iborat boʻlib, birinchi qismda asosan hayotligida yozilgan maqolalar, tadqiqotlar, kuzatishlar oʻrin olgan. Soʻngra, shoirga atab bitilgan sheʼrlar, vafotidan keyin yozilgan marsiyalar, yodnomalar berilgan. Oxirgi qism shoir hayotligida va 2016-yil 5-noyabrdan keyin yozilgan xotiralar, esselar va maqolalardan tashkil topgan.
Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan koʻplab sheʼrlari xorijiy tillarga tarjima qilinib, kitoblari nashr etildi. Shuningdek, tadbirda Abdulla Oripov sheʼrlarining rus tilidagi tarjimasi “Veter moyego kraya” kitobi shoir va tarjimon Nikolay Ilin tomonidan taqdim etildi.
Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist