Oliy, oʻrta maxsus, professional taʼlim hamda fan va innovatsiyalar sohalarini raqamlashtirish jadal surʼatda davom ettirilmoqda. Xususan, talabalar, abituriyentlar hamda ularning ota-onasiga “yagona darcha” tamoyili asosida sifatli va tezkor xizmat koʻrsatish uchun joriy yilning iyun oyidan my.edu.uz yagona taʼlim xizmatlari portali ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Yagona taʼlim xizmatlari portali barcha oʻqitish xizmatlarini oʻzida jamlagan platforma boʻlib, axborot tizimlari oʻrtasida oʻzaro maʼlumot almashinuvini taʼminlovchi tizimlararo integratsiyadir. Platformada taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashish uchun onlayn ariza topshirish, toʻlov shartnomalarini onlayn taqdim etish hamda talabalar uchun koʻplab taʼlim xizmatlari koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Jumladan, yigit-qizlar akademik litsey, kasb-hunar maktablari, ikkinchi mutaxassislik va magistratura bosqichiga kirish uchun OTMlarga onlayn hujjat topshirishi mumkin.

Taʼlim xizmatlarini koʻrsatishda ortiqcha vaqt sarfi, transport xarajati, byurokratik toʻsiqlar, qogʻozbozlik va boshqa turdagi muammolar uchrab turibdi. Ushbu muammolarga yagona yechim sifatida yagona taʼlim xizmatlari platformasini koʻrsatsa boʻladi. Professional oʻqitish muassasalari oʻquvchilari va OTM talabalariga elektron koʻrinishda xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirish hamda yagona yondashuvni taʼminlash borasida yuqori samaradorlikka erishish imkoni mavjud.

Platforma orqali bir qancha xizmatlardan foydalanish mumkin. Oʻqish joyidan maʼlumotnoma, talaba reyting daftarchasi, oʻquv varaqasi, transkript, bakalavr yoki magistrlik QR diplomi, elektron ID karta va boshqa maʼlumotlarni yuklab olish, talabalar turar joyi, subsidiya olish va qayta oʻqish uchun toʻlov shartnomaga ariza yuborish, onlayn olimpiadalarda qatnashish shular jumlasidan.

Kelgusida diplom maʼlumotlarini tasdiqlatish uchun taʼlim muassasasiga yuborish va boshqa imkoniyatlarni joriy etish koʻzda tutilgan. Ehtiyojlarni inobatga olgan holda platformada yangi taʼlim xizmatlari bosqichma-bosqich ishga tushirib boriladi. Bundan tashqari, kollej, texnikum va OTMlarda taʼlim olayotgan talabalar uchun toʻlov shartnomalari onlayn taqdim etiladi.

Yagona taʼlim xizmatlari portali — my.edu.uz bizga nima beradi? Platformani joriy etish orqali mavjud xizmatlarni kengaytirish va yangi xizmatlarni yaratish orqali foydalanuvchilarga qulaylik yaratish mumkin. Shuningdek, vazirlik, taʼlim muassasasi va talaba oʻrtasidagi muloqot osonlashadi.

Har bir axborot tizimini ishlab chiqish va rivojlantirish jarayoni boshqa axborot tizimlari bilan integratsiyani talab etadi. Yagona taʼlim xizmatlari portali vazirlik va idoralarning qator axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Ijtimoiy himoya yagona reyestri, “Ayollar daftari”,  Transport, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Ichki ishlar, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari axborot tizimi, FHDYO, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi maʼlumotlar bazalari, “Yagona milliy mehnat tizimi”, “Temir daftar”, vasiylik yoki homiylikka olingan bolalar, toʻliq davlat taminotida boʻlgan bolalar, nogironligi boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shular jumlasidan.

Integratsiya qilish natijasida oʻquvchi va talabalarning ijtimoiy holatini avtomatik ravishda aniqlash imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga platforma imkoniyatini kengaytirish maqsadida kelgusida boshqa axborot tizimlari bilan uygʻunlashtirish rejalashtirilgan.

Loyihaning ikkinchi bosqichida ilmiy tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun kelgusida bir qancha axborot tizimlari bilan integratsiya koʻzda tutilgan. Xususan, “Davlat ilmiy dasturlari uchun yagona aqlli elektron platforma” axborot tizimi (www.grant.mininnovation.uz), Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni muvofiqlashtirish tizimi (www.phd.mininnovation.uz), Ilmiy-texnik maʼlumotlarning axborot-tahlil tizimi (www.ias.gov.uz), Oʻzbekiston Respublikasi Milliy ilmiy portali (www.nsp.gov.uz.) bilan uygʻunlik taʼminlanadi.

Bu integratsiya ilmiy faoliyat bilan shugʻullanadigan tadqiqotchilar uchun davlat ilmiy dasturlari doirasida eʼlon qilinadigan tanlovlarda qatnashish uchun my.edu.uz platformasi orqali ariza topshirish, startap tanlovlarda ishtirok etish imkonini beradi. Shuningdek, yosh tadqiqotchilar chet eldagi nufuzli ilmiy muassasalarda qisqa muddatli stajirovka oʻtash uchun ariza topshirishi mumkin.

Shu bilan birga, integratsiyadan keyin mazkur axborot tizimi foydalanuvchilarining ilmiy faoliyatga oid maʼlumotlari shakllantiriladi. Mazkur axborotlarning ilmiy-texnik maʼlumotlar axborot-tahlil tizimida shakllanishi natijasida hududlar boʻyicha ilmiy va innovatsion faoliyat xaritasi hamda natijadorligi xususida avvaldan muayyan xulosa paydo boʻladi.

Talabalar uchun oʻquv jarayonini raqamlashtirish maqsadida “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish – HEMIS” axborot tizimining mobil ilovalari va telegram boti ishlab chiqilgan. Ushbu mobil ilova va telegram bot orqali dars va nazorat jadvallari, fan resurslari, oʻzlashtirish koʻrsatkichlari, davomat va shu kabi boshqa maʼlumotlardan istalgan vaqtda foydalanish mumkin. Qolaversa, talabalar dars va imtihon boshlanishi vaqti toʻgʻrisida doimiy ravishda SMS xabar orqali ogohlantirib boriladi.

Talaba ID guvohnomasini elektronlashtirgan holda saqlashi hamda istalgan joyda QR kod orqali talabaligini tasdiqlashi, reyting daftarchasi, oʻqish joyidan maʼlumotnoma, oʻquv varaqasi va boshqa tegishli hujjatlarni yuklab olishi, fanlardan qarzdorligi toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlishi, fanlar boʻyicha bajarilgan topshiriqlarni tizimga yuklashi mumkin.

OTMlar tomonidan talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar hisobini yuritishga moʻljallangan kontrakt.edu.uz axborot tizimi ham ishlab chiqildi hamda sinov tarzida ishga tushirildi. U tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi. U orqali toʻlov shartnomasini olish uchun onlayn ariza yuborish, toʻlov shartnomalarini onlayn taqdim etish va ularning hisobini yuritish mumkin.

Respublika fan olimpiadalarini oʻtkazish jarayonini raqamlashtirish maqsadida olimpiada.edu.uz platformasi ishlab chiqildi. Talabalar ushbu platforma orqali roʻyxatdan oʻtgan holda fanlardan onlayn test yechadi.

Shu kungacha iqtidorli talabalar davlat va nomdor stipendiyalar tanlovida qatnashish uchun yutuqlari va maqolalari toʻgʻrisidagi hujjatlarni qogʻoz koʻrinishida oliy taʼlim muassasalari va tegishli vazirlik va idoralariga taqdim etgan. Bu esa talabalar uchun bir qancha noqulayliklar keltirib chiqargan hamda ariza holatini kuzatish imkoniyati mavjud boʻlmagan. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun stipendiya.edu.uz davlat va nomdor davlat stipendiyalar tanlovida qatnashish uchun ariza va hujjat topshirish axborot tizimi ishlab chiqildi.

Jismoniy shaxslar tomonidan oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, bilim va malakalarni baholash yoʻnalishida hamda ilm-fan va innovatsiya sohasiga oid masalalar boʻyicha takliflarini berish hamda fikr bildirish imkonini beruvchi muloqot portali – taklif.edu.uz ishlab chiqilganini ham aytish joiz. Bu portal orqali oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim hamda ilm-fan sohasiga oid islohotlar natijalarini tahlil qilish, jamoatchilikning mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan fikri va taklif-mulohazalarini oʻrganish mumkin.

Qisqasi, raqamlashtirish jarayoni oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim hamda fan va innovatsiyalar sohalarini modernizatsiya qilishning eng samarali vositasi boʻlib xizmat qiladi. Eng muhimi, jarayon izchil davom ettirilmoqda.

Bobur RAHIMOV,

oliy taʼlim, fan va

innovatsiyalar vaziri maslahatchisi