Davlat test markazi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, karantin cheklovlari tufayli abiturientlar kirish test sinovlariga ko'ngildagidek tayyorgarlik ko'rolmagani uchun bu yil ularga imtihonlarda engiliklar yaratiladi.

Avvalo test topshiriqlari soddalashtirilyapti. Soddalashtirish quyidagi shaklda amalga oshiriladi. Bunda:

  • fanlar kesimida har bir variantda qo'llaniladigan birinchi qiyinlik darajasidagi (eng oson) test topshiriqlari soni 6 tadan o'rtacha 10 tagacha etkazilmoqda;
  • abiturientlarning test topshiriqlarini tez anglay olishlari, fikrlashlari va vaqt tejashlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya, chet tili (ingliz, nemis, frantsuz), biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari bo'ladi;
  • ona tili va adabiyot fanidan mustaqil o'qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan test topshiriqlari soni ko'payadi, matn tarkibidagi so'zlarni to'g'ri qo'llanganligi, gaplarni to'g'ri shakllantirilganligi aniqlash, matndagi so'zlarning ma'nosini topish va matnning asosiy mazmunini tushunish yuzasidan test topshiriqlari shakllantirilmoqda;
  • kimyo fanidan nazariy savollar soni oshiriladi, laborotoriya ishlariga oid test topshiriqlari yaratiladi;
  • fizika fanidan ham eng oson test topshiriqlari soni 10 tagacha oshiriladi va nazariy test topshiriqlar soni ko'paytiriladi. SHuningdek, abiturientlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Doimiy fizik kattaliklar jadvali” ishlab chiqildi, u test sinovi jarayonida taqdim etiladi.

YAna bir engillik shuki, abiturientlarni ro'yxatga olishda kiritiladigan ma'lumotlar yana ham kamaytiriladi.

Uyidan chiqmagan holda mobil telefon (komp`yuter) yordamida ro'yxatdan o'tish imkoniyati yaratiladi.

Davlat xizmatlari markazlari, YAgona interaktiv davlat xizmatlari portali, shuningdek, Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali onlayn rejimda ro'yxatdan o'tish mumkin bo'ladi.

Ayni paytda yaratilgan zaruriy dastur dtm.uz saytida test rejimida ishga tushirildi. Xohlovchilar tajriba sifatida ro'yxatdan o'tishlari mumkin.

Test natijasini e'lon qilish tartibi, e'lon qilish manbalari o'zgarmagan.

Ko'pchilik abiturientlarni test sinovlari qachon va qaerda o'tishi qiziqtiryapti.

Prezidentimizning 2019 yil 14 maydagi “Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga binoan belgilangan muddat va 2020/2021 o'quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki bo'limga ajratib, birinchi bo'limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o'zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O'zbekiston tarixi, ikkinchi bo'limga abiturient tanlagan bakalavriat ta'lim yo'nalishiga mos ikkita fan kiritish hozir ham amalda.

Mamlakatimizda davom etayotgan pandemiya sharoitida baribir ehtimoliy vaziyat haqida oldindan bir nima deyish qiyin. Masalan, karantin cheklovlari bekor qilinishi ham yoki aksincha bo'lishi ham mumkin. Bu borada muhim qarorni Respublika maxsus komissiya chiqaradi. Har qanday holatda ham o'zgarishlar to'g'risida jamoatchilik tezkorlik bilan xabardor qilinadi.

Umuman, abiturientlarga jiddiy, puxta tayyorlanish tavsiya qilinadi.

Bu yilgi kirish test sinovlari qachon va qay tartibda bo'lmasin, baribir o'tadi.

CHet tillar kabi boshqa fanlardan ham sertifikat olish mumkin

endilikda abiturientlar ingliz, nemis va frantsuz tillaridan tashqari yana o'zbek, rus, qoraqalpoq tili va adabiyot, matematika fanlaridan ham milliy sertifikat olishi va bu fanlardan test sinovi topshirmay, maksimal ballni qo'lga kiritishi mumkin. Bu imkoniyat joriy yil oxiriga qadar yo'lga qo'yilishi ko'zda tutilmoqda. Bu haqda DTM axborot xizmati xabar beradi.

Boshqa umumta'lim fanlaridan ham kelasi yildan boshlab, mazkur tajriba bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.