Abituriyentlarga tabaqalashtirilgan toʻlov-shartnomalarini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi

    Raqamlashtirish 21 Sentabr 2021 13647

    1-oktyabr davlat OTMga tabaqalashtirilgan toʻlov-shartnoma asosida oʻqishga qabul qilish boʻyicha ariza topshirishning soʻnggi muddati etib belgilangan edi.

    Joriy oʻquv yilida talabalikka tavsiya etilmagan, biroq tabaqalashtirilgan (super) toʻlov-shartnoma asosida oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida onlayn shaklda ariza qoldirish hamda tabaqalashtirilgan toʻlov-shartnomalarni onlayn olish imkonini beruvchi t-kontrakt.edu.uz axborot tizimi ishga tushirildi.

    Ushbu tizim:

    - ortiqcha ovoragarchilik va suiisteʼmolchiliklarning oldini olish;
    - jarayonlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash;
    - elektron arizalarni avtomatik shakllantirish;
    - toʻlov-shartnomalarni avtomatik rasmiylashtirish imkonini beradi.

    Endi abituriyentlar oliy taʼlim muassasasiga ovora boʻlib, borib oʻtirishlari shart emas. Tizim yordamida ularning maʼlumotlari va toʻplagan bali Davlat test markazi bazasidan toʻgʻridan-toʻgʻri olinib, elektron koʻrinishdagi ariza asosida elektron toʻlov-shartnoma avtomatik rasmiylashtiriladi.