Kitob-albom ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qismi kirish maqola va yetti boʻlimni oʻz ichiga olgan. Ibn Sino hayoti va ilmiy ijodiga doir maqolalar oʻzbek va turk olimlari tomonidan yozilgan.

Kitob-albomning ikkinchi qismida buyuk faylasuf Abu Ali ibn Sinoning Turkiya kutubxona va muzeylarida saqlanayotgan qoʻlyozma asarlarining tavsiflari taqdim etiladi. Olimning asarlari mavzu boʻyicha tarjimayi hol, tabobat, falsafa, mantiq, ilohiyot, adabiyot, tasavvuf, axloq va tafsir ilmiga ajratildi.

Ibn Sino asarlariga oʻz davridayoq va undan keyin ham qiziqish katta boʻlgan. Shu sababli Musulmon sharqning turli mintaqalaridan yetishib chiqqan mashhur olim va tabiblar Ibn Sino asarlariga sharhlar yozib, qisqartmalar tuzganlar. Keyinchalik bu qisqartmalarga sharhlar ham yozilgan.

Kitob-albomga Ibn Sino asarlariga boʻlgan eʼtibor va ehtiyojni koʻrsatish maqsadida sharhlar, qisqartmalar, shuningdek, ularga bitilgan sharhlar ham kiritilgan.