Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mehmonlarni qutlab, mamlakatimizning mazkur bank bilan hamkorligi, istiqboldagi muhim masalalar haqida nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston zamini asrlar davomida islom olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti markazlaridan biri boʻlganini taʼkidladi.
— Asrlar davomida Oʻzbekiston zamini musulmon olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining markazlaridan biri boʻlganidan sizlar albatta xabardorsiz. Qadimiy Oʻzbekiston, yaʼni Movarounnahr diyori islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga unutilmas hissa qoʻshgan alloma va mutafakkirlar yurtidir. Buxorolik buyuk ulamo — Imom Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy va uning butun dunyoga tanilgan shogirdlari, Imom al-Buxoriy va Imom Termiziy asarlarining islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi ahamiyati beqiyosdir, — dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz tilga olgan Abu Hafs Kabir Buxoriy kim boʻlgan?
Uning toʻliq ismi sharifi — Ahmad ibn Hafs ibn Zaburqon ibn Abdulloh al-Kabir al-Buxoriy. 768-yili Buxoroda tugʻilib, 832-yili vafot etgan. U oʻz yurtida egallashi mumkin boʻlgan barcha ilmlarni puxta oʻzlashtirgach, Bagʻdod sari yoʻl oladi. U yerda Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammaddan hanafiylik mazhabi fiqhini oʻzlashtirgach, yana oʻz yurtiga qaytib keladi. Shu bois, u hanafiylik taʼlimotini birinchi boʻlib Movarounnahrga olib kelgan shaxs sifatida maʼlum va mashhurdir.
Abu Hafs Kabir Buxoriy nafaqat Buxoro, balki Movarounnahr fiqh maktabiga asos soldi. Abu Hafs Kabir Buxoriy Buxoroda ilmiy va diniy bilimlar rivojiga katta hissa qoʻshgan madrasaga asos soladi. Bu madrasa oʻz zamonasida mashhur oʻquv dargohlaridan sanalgan. Tarixchi Herman Vamberi “Tarixi Buxoro”, Saʼdiy “Tarix ad-duval” asarlarida Imom Abu Hafs Kabir Buxoriyning madrasasi islom olamining turli oʻlkalaridagi olimlar va talabalar orzu qilgan eng yaxshi bilim maskani boʻlganini taʼkidlagan.
Buyuk muhaddis, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy bu allomaning shogirdi boʻlgan. Buxoroning aksar olimlari Abu Hafsdan tahsil olgan. Imom Buxoriy yoshligida Abu Hafs Kabir huzurida taʼlim olgan.
Imom Buxoriyni hadislarning sahihini toʻplashga undagan alloma ham Abu Hafs Kabirdir. Abu Hafs Kabirning ustozlaridan biri — Abu Hasan Nuriy sahih hadislarni toʻplashga kirishgan, lekin oxiriga yetkaza olmagan. Shundan soʻng ustozining vasiyati bilan Abu Hafs Kabir ham sahih hadislarni jamlaydi, lekin alloma Buxoroga kelgan davrda fiqhga koʻproq eʼtibor beradi. Niyatiga yetmagani sababli qobiliyatli shogirdi Imom Buxoriyga shu ishni oxiriga yetkazishni buyuradi.
Manbalarda qayd etilishicha, Abu Hafs Kabir Buxoriy Imom Buxoriyga dars berib, uning hadis oʻrganishga muhabbatini bilgach, shogirdini duo qilib, “Kelajakda bu kishidan ulugʻ muhaddis chiqadi!” deb karomat etgan.
Abu Hafs Kabirning shuhrati Buxoroga, qolaversa, butun islom olamiga tarqaldi. Olimlar uning ilmi fazlini baholab, Abu Hafs Kabirni “Muallimi islom”, yaʼni “Islom dinining muallimi”, uning sharofati bilan Buxoroni “Qubbat ul-islom” (Islom dinining gumbazi) va olim yashaydigan mahalla darvozasini “Haqroh” (Haqyoʻl) deb atagan.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi islom taʼlimotiga asoslangan bir necha madaniyatlar sintezi va Oʻzbekiston xalqining islom davridagi yangi ishlanmalaridan tarkib topgan hodisa sifatida islom tamaddunining oʻziga xos shaklini — insonparvarlik, tinchlikparvarlik, taraqqiyparvarlik, maʼrifatparvarlik, diniy va etnik bagʻrikenglik xususiyatlarini oʻzida mujassam etgan sivilizatsiyani jahonga taqdim etdi. Islom dinining bugungi Oʻzbekiston zaminida qaror topgan shakli oʻzining taraqqiyparvarlik va bagʻrikenglik tamoyillari bilan ajralib turgani sababli ushbu zaminda yuksak iqtisodiy, madaniy va ilmiy taraqqiyot yuz berdi.
Ushbu sivilizatsiyaning vujudga kelishida Abu Hafs Kabir Buxoriyning xizmatlari beqiyos.
Bahrom ABDUHALIMOV,
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti,
tarix fanlari doktori, professor