Taqdimot tadbirida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Prezidentimiz tomonidan qoʻyilgan barcha topshiriqlar xalqimiz, adabiyotimiz ravnaqiga, xalqaro aloqalarning tobora mustahkamlanishiga xizmat qilayotganini qayd etib, “Imom Moturidiy” romani aynan buyuk alloma bobolarimiz haqidagi asarlarga, kitobxonlikka talab kuchaygan bir paytda yuzaga kelganini, ushbu asarni qoʻshimcha tirajda chop etish muhim ekanini taʼkidladi.
– Yozuvchi tarix sahifalarida yetib kelgan maʼlumotlarni misqollab yigʻib, oʻrganib, tahlil va talqin qilib buyuk ilohiyotshunos olimning badiiy qiyofasini hayotiy, insoniy tarzda yoritishga muvaffaq boʻldi, – deydi Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov. – Ushbu roman tariximizning qorongʻu sahifalarini yoritib, oʻy-xayollarimizga yaxshi bir oziqa beradi. Ezgulik, abadiyat, ilohiyat bobidagi fikrlarimizni charxlaydi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davron Maxsudov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, pedagogika fanlari doktori Qozoqboy Yoʻldoshev va boshqalar mazkur roman buyuk alloma bobomiz Imom Moturidiyning hayoti, gʻoyalari, falsafasini xalqimizga sodda, ravon va hayotiy tarzda tushuntirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
– Bugun ulugʻ ajdodlarimizni, dunyoga mashhur allomalarimizni eʼzozlash, ularning ilmiy-ijodiy meroslarini chuqur oʻrganish, keng targʻib qilish masalalariga davlatimiz rahbariyati tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi yozuvchi Luqmon Boʻrixon. – Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Imom Moturudiy xalqaro ilmiy tadqiqiot markazi”ning tashkil etilishi fikrimizning yaqqol dalilidir.
Mazkur markaz oldiga qoʻyilgan vazifalar, topshiriqlar gʻoyat jiddiy va ahamiyatlidir. Aytish mumkinki, ushbu vazifalarning aksariyat qismi yozuvchilarimiz va shoirlarimizga ham tegishlidir. Men bir ham bir qalamkash sifatida buyuk mutafakkir bobomizning siyomosi, hayot yoʻli, aqida sofligi, mustahkamligi uchun olib borgan qatʼiy kurashi aks etgan asar qoralashga urinib koʻrdim.
Tadbirda eʼtirof etilishicha, avvallari Imom Moturidiy faoliyati tadqiq etilganida faqatgina din sohasi vakillari jam boʻlishar edi. Luqmon Boʻrixonning yangi asari targʻiboti sababli endilikda allomalarimiz faoliyatini targʻib etishda adabiyot ahli, yozuvchilar ham jamuljam boʻlgani, mazkur kitob maʼrifiy-maʼnaviy hayotimizda oʻziga xos voqelikka aylangani eʼtiborga molikdir.
Ushbu badiiy solnoma joriy yilda “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan. 1000 nusxada nashrdan chiqqan asarga Hasanxon Yahyo Abdulmajid muharrirlik qilgan. Kitobga Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov soʻzboshi yozgan.
Eʼtiborga molik jihati, Moturidiya aqidasidagi eng muhim jihatlar ushbu kitobda oʻz ifodasini topgan. Kitob bugungi tobora globallashib borayotgan davrning muhim masalalariga ham javob berishi mumkinligi mutaxassislar tomonidan alohida eʼtirof etildi. Asarni mutolaa qilgan har bir oʻquvchi ogohlik, hushyorlik qalb uygʻoqligi bilan bevosita bogʻliq ekaniga yana bir karra ishonch hosil qiladi.
Aytish joizki, asar gʻoyat xalqchil, ravon tilda yozilgani bilan ahamiyatlidir. Muallif voqealar bayoni va takomilini rivojlantirishda, epizodlarning oʻzaro uygʻunligi bogʻlanishlarida asosan “eslash” usulidan foydalangan. Kitobxonlar ushbu asarni oʻqib, uzoq oʻtmishimiz, buyuk olim ajdodlarimiz va ularning kurashlari haqida qimmatli maʼlumotga, jonli tasavvurga ega boʻladilar.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar romanning oʻziga xos jihatlariga eʼtibor qaratdilar. Asar haqida iliq fikrlar bildirildi. Taqdimot yakunida Luqmon Boʻrixon asar borasidagi mulohazalari uchun oʻz tashakkurini aytdi va yigʻilganlarga yangi kitobidan tuhfa etdi.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri