Jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish koʻplab omillarga bogʻliq. Albatta, birinchi oʻrinda bu maqsadga erishishda oiladagi muhit katta rol oʻynaydi. Boshdanoq, ota-ona farzandini nazoratsiz qoldirishi, uning hayot yoʻlini toʻgʻri topib olishidagi befarqligi, keyinchalik, achchiq iztiroblar keltirish muqarrardir.

Shu maʼnoda, Tursunali Madumarovning (ism-shariflar oʻzgartirilgan) oilada tarbiya topishi ham haminqadar kechdi. Boshdan oʻqishni, biror ishni yolchitmagan Tursunali jinoyat koʻchasiga kirib 23 yoshida xalq tili bilan aytganda 8 yilga “kesilib ketdi”. Achchiq qismatidan tegishli saboq chiqarmagan T. Madumarov yana sud kursisida oʻtiribdi.

Voqelikning qisqacha tafsiloti shundaki, T. Madumarov dastlabki tergov harakatlari davomida shaxsini aniqlashning imkoni boʻlmagan shaxsdan koʻp miqdordagi 80 dona “Tropikamid 10 mg” dori vositasini va 59 ta kassetadagi 826 dona “Ilko REGAPEN 300 mg” kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda olib, keyinchalik oʻtkazish maqsadida saqlab kelgan.

U joriy yilning may oyida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Qoʻqon shahar boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan “nazorat-xarid” tadbiri davomida shahardagi “Avtoshohbekat” atrofida oʻz boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashinasida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan koʻp miqdordagi 80 dona “Tropikamid 10 mg” dori vositasini har bir donasini 95.000 soʻmdan jami 7.600.000 soʻmga va koʻp miqdordagi 43 kassetadagi “REGAPEN 300 mg” nomli kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning har bir kassetasini 250.000 soʻmdan jami 17.750.000 soʻm evaziga sotishga kelishib, bu pullarning oʻrniga “maxsus xaridor”dan 2.000 AQSH dollari pul mablagʻlarini olib, dori vositalarini sotgan vaqtda ushlangan.

Sud, sudlanuvchi T. Madumarovga jazo tayinlashda, qonun talablari va Oliy sud Plenumi Qarorlari tushuntirishlariga amal qilgan holda gʻarazli niyatlarda jinoyat sodir qilganligini jazoni ogʻirlashtiruvchi holat deb topib, sodir qilgan jinoyatining ijtimoiy xavflilik darajasi, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligi, aybiga iqrorligi, oilada yagona boquvchi ekanligi va ish boʻyicha jazoni yengillashtiruvchi barcha holatlarni, inobatga olgan holda uning jinoiy faoliyatini davom ettirishga toʻsqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek, boshqa shaxslar jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida JKning tegishli moddalarini qoʻllab, yaʼni, qonun sanksiyasida koʻrsatilgan eng kam jazodan ham kamroq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni lozim deb topdi. U sud hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Biz bejizga gapni oiladagi tarbiyaviy muhit haqida boshlamagan edik. Gap shundaki, T.Madumarov 5 nafar farzandning otasi. Muammo esa, ota panjara ortida boʻlgan paytda farzandlar tarbiyasi panja orasida qolib ketmasa boʻlgani.

Xurshid Qosimov,

Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudi raisi