Muzokaralarda joriy qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish sohasida investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi negizida qiymati 1,2 milliard dollar va quvvati 1 500 MVt boʻlgan kombinatsiyalashgan siklli issiqlik elektr stansiyasi qurilishining borishi koʻrib chiqildi. Xususan, stansiyani barpo etishni jadallashtirish imkoniyatlari va bu yoʻnalishda ikki tomonlama hamkorlik qilish mexanizmlari muhokama etildi. Saudiya Arabistoni tomoni kompaniya 2023-yilning oxirigacha loyihani bunyod etish va ishga tushirish ishlarini yakunlashni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.

Shuningdek, muloqot chogʻida Buxoro va Navoiy viloyatlarida umumiy qiymati 1,3 milliard dollar va umumiy quvvati 1 000 MVt boʻlgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha loyihalash ishlarini jadallashtirish vazifalari belgilab olindi. Ushbu obyektlarning ishga tushirilishi yiliga 15,6 milliard kVt/soat miqdorida qoʻshimcha elektr energiyasi ishlab chiqarishni taʼminlaydi va stansiyalar qurilishi davomida 5 mingdan ortiq yangi ish oʻrni, ulardan foydalanish vaqtida esa 300 yangi ish oʻrni yaratilishi qayd etildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda yangi quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurishni nazarda tutgan holda muqobil energetika sohasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha salohiyatli yoʻnalishlar boʻyicha konstruktiv fikr almashildi. “ACWA Power” rahbariyati yangi keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirish orqali Oʻzbekistonda investitsiyaviy ishtirokini kengaytirish niyatida ekanini taʼkidladi.

Saudiya delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida joriy yilning yanvar oyida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi platformasidan foydalanib, Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirish, jumladan, davlat banklari va aktivlarini xususiylashtirishda ishtirok etish orqali yirik Saudiya Arabistoni kompaniyalari orasidan yangi investorlarni jalb etish boʻyicha yaqin hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va yangi bitim va tashabbuslarni ishlab chiqish boʻyicha keyingi tadbirlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: “ACWA Power” elektr va chuchuklantirilgan suv ishlab chiqarish uchun uskunalar portfelining ishlab chiqaruvchisi, birgalikda egalik qiluvchisi va operatoridir. Ushbu uskunalar kuniga qiymati 61,2 milliard dollarni tashkil etuvchi 38,7 GVt elektr energiyasi va 5,8 million kub metr chuchuklantirilgan suv ishlab chiqaradi. Kompaniya taxminan 3 500 kishini ish bilan taʼminlaydi va oʻzining xalqaro maydondagi faoliyatini Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi 12 mamlakatda amalga oshiradi.