“ACWA POWER” Oʻzbekistonda shamol elektr stansiyalarini qurish ishlarini davom ettirmoqda

    Energetika 12 Yanvar 2021 693

    “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi Oʻzbekistonda umumiy quvvati 1000 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyalari (SHES) qurish boʻyicha ishlarini davom ettirmoqda.

    Loyihaning birinchi bosqichida Oʻzbekistonning turli hududlaridagi yer maydonlari oʻrganildi. Buxoro viloyatining Peshku va Gʻijduvon hamda Navoiy viloyatining Kanimex tumanlarida ikkita shamol elektr stansiyalarining joylashishi uchun eng maqbul hudud deb tanlandi.

    Keyingi bosqich shamol yoʻnalishlarini aniqlash uchun uskunalarni oʻrnatish boʻldi. Bugungi kunga qadar tanlangan hududlarda shamol yoʻnalishlarini (koʻrsatkichlarini) qayd etish uchun 10 ta meteorologik ustun (machta) va 1 ta spayder oʻrnatildi, yana 7 ta meteorologik ustun oʻrnatish bosqichida.

    Ushbu qurilmalar shamol tezligi, yoʻnalishi va davomiyligi, shuningdek ob-havo haroratining oʻzgarishi koʻrsatkichlari kabi maʼlumotlarni oʻlchash uchun 100 va 120 metr balandliklarda oʻrnatiladi.

    Hozirga qadar tanlangan yer maydonlarining topografik va geotexnik tadqiqotlari yakunlandi va olingan maʼlumotlar asosida hisobot tayyorlanmoqda. Gidrologik tadqiqotlar davom etmoqda.

    Shamol elektr stansiyasini qurish uchun loyihaning umumiy qiymati 1,3 milliard AQSH dollarini tashkil etadi, u 100 foiz toʻgʻridan-toʻgʻri investitsilar hisobiga amalga oshiriladi.