1931-yili Fargʻona viloyatining Rapqon qishlogʻida tavallud topgan olim adabiyotimiz maydonida haqiqiy maʼnoda bosh harflar bilan yoziladigan, adabiyot oldidagi burchini, vazifasini halol bajarib, tinimsiz ijod qilib kelayotgan shaxslardan. Oʻzining serqirra ijodi bilan el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan munaqqid asarlari oʻzbek adabiyotining barcha davrlaridan soʻzlaydi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor, adabiyotshunos olim va munaqqid Umarali Normatov tavalludining 90 yilligiga bagʻishlangan “Oʻzbek adabiyotshunosligida talqin va tahlil muammosi”mavzusida ilmiy-nazariy anjuman boʻlib oʻtdi.

Tadbir OʻzMU prorektori Shuhrat Toshmatovning tabrik soʻzi bilan ochildi. Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, Ibrohim Gʻafurov soʻz olib, “Adabiyotni, kitoblarni yaxshi koʻradigan kishini adabiyot shaydosi deyishadi. Shu soʻzning tub maʼnosida badiiy adabiyotga, tanqidchilikka, muallimlikka Umarali Normatovchalik shaydo kimsa bormikin?! U.Normatovning tanqidchilikdagi prinsiplaridan biri yangilik izlash, yangilik olib kirish, yangilikni qutlash. U ijodining boshlanishidanoq, adabiyot va yozuvchilar ijodida novatorlikka alohida eʼtibor bilan qaraydi”degan fikrlarni bildirdi.

Oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev yigʻilganlarga U.Normatovning tabarruk 90 yoshi munosabati bilan chop etilgan “Umarali Normatov”biobibliografiyasi va munaqqidning “Abdulla Qahhor: shijoat va mahorat jozibasi”kitoblarini taqdim qildi. Anjumanda “Jahon adabiyoti”jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Adabiyot oʻqitish metodikasi kafedrasi professori Qozoqboy Yoʻldoshev, OʻzMU professori Yormat Tojiyev, “Sharq yulduzi”jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf va yozuvchi Luqmon Boʻrixon soʻzga chiqib, Yozuvchilar uyushmasi nomidan domlaga uzoq umr tiladilar. Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmita raisi, professor Xurshid Doʻstmuhammad, yozuvchilar: Abbos Said, Isajon Sulton, TDOʻTAU professori Bahodir Karimov soʻzga chiqib, ustozning adabiyotshunos va munaqqidlik faoliyati haqida soʻz yuritishdilar.

Darhaqiqat bugun oʻzining muborak 90 yoshini qarshi olgan professor Umarali Normatov mana necha yildirki adabiyotimiz rivojiga oʻzining beqiyos hissasini qoʻshib kelmoqda. Olim Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinovning birinchi shogirdi sifatida bugunga qadar oʻnga yaqin fan doktori va yigirmadan ziyod fan nomzodlariga ilmiy rahbarlik qildi. 1962-yildan ToshDU (hozirgi OʻzMU) filologiya fakultetining oʻzbek adabiyoti kafedrasida katta oʻqituvchi, dotsent, kafedra mudiri (1974-2000), kafedra professori (2001-yildan) kabi lavozimlarda samarali faoliyat koʻrsatdi.

U.Normatov 1957-yildan buyon adabiy-tanqidiy va ilmiy maqolalari bilan adabiy jarayonda ishtirok etib kelmoqda. Uning ilmiy, adabiy-tanqidiy tadqiqotlarining asosiy qismini esa yangi oʻzbek adabiyoti tarixi, taraqqiyoti masalalari, uning oʻziga xos anʼanalari va novatorlik xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan. Ilmiy faoliyatida realizm masalalari, 20-asr oʻzbek adabiyoti, adabiy jarayon hamda adabiy tanqidchiligining oʻziga xos xususiyatlari, shuningdek, Abdulla Qodiriy, Shukur Xolmirzayev, Pirimqul Qodirov, Oʻtkir Hoshimov va boshqa koʻplab ijodkorlarning asarlari bilan bogʻliq masalalar muhim oʻrin egallaydi.

U.Normatov shuningdek, umumtaʼlim maktablarining 5-, 9-, 11-sinflari uchun “Oʻzbek adabiyoti” darslik va majmualari, oliy oʻquv yurtlari uchun “20-asr oʻzbek adabiyoti tarixi” (1999) darsligi mualliflaridan biri. Undan tashqari olim “Nasrimiz ufqlari”(1978) “Qalb inqilobi”(1986), “Qodiriy bogʻi”(1996), «Umumbaxsh tamoyillar»(2000), “Qahhorni anglash mashaqqati”(2000), “Yarim asr mayogʻi” (2019), “Abdulla Qahhor: shijoat va mahorat jozibasi” (2021) kabi kitoblar muallifidir.

Shuhrat HAYITOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori