Sayxunobod tumanida xuddi shunday boʻldi. Shu oy boshida eʼlon qilingan maqolada tuman davlat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimi S.Mavlonova oʻziga oshirilgan razryad boʻyicha 2019-yil 6-sentyabrdan 31-dekabrgacha boʻlgan ish davri uchun qoʻshimcha toʻlov qilinishi kerakligi va ushbu toʻlov amalga oshirilmay kelinayotganini aytib, amaliy yordam soʻragan, natijada adliya aralashuvi bilan ushbu qoʻshimcha toʻlov toʻlab berilgan edi.
Ammo, ish shu bilan tugamadi....
Sayxunobod tuman adliya boʻlimi markazda xuddi shu qonun buzilish boʻyicha monitoring oʻtkazganida qator xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi va uning hududiy boʻlinmalari tibbiyot xodimlarining lavozim maoshiga mehnatning sogʻliq uchun xavfliligi va ogʻir sharoitlari uchun belgilanadigan qoʻshimcha toʻlovlar miqdorini tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirish, mehnatga haq toʻlash razryadlari boʻyicha tarif koeffitsiyentini 5 foizga oshirgan holda qoʻllash orqali ularni moddiy ragʻbatlantirish belgilangan. Mazkur band talablarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilishi hamda moddiy ragʻbatlantirish choralari 2020-yilning 16-martidan boshlab, respublikada Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlari rasman toʻxtatiladigan oy yakuniga qadar amal qilishi bayon etilgan.
Sayxunobod tuman SEOMda esa biriktirilgan xodimlarga tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirish, mehnatga haq toʻlash razryadlari boʻyicha tarif koeffitsiyentini 5 foizga oshirish yuzasidan amaliy ishlar qilinmaganligi, yangi xodimlarga qonunan berilishi lozim boʻlgan 66 million 924 ming soʻm mablagʻi tuman moliya boʻlimidan ajratilmaganligini aniqlandi.
Sayxunobod tuman moliya boʻlimiga kiritilgan taqdimnomada ushbu kamchilikni qonunda koʻrsatilgan muddatda bartaraf etish choralari koʻrilishi qatʼiy tavsiya etildi.
- Sayxunobod tuman moliya boʻlimi tomonidan taqdimnomada koʻrsatilgan bandlar ijro etildi va tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xizmat xodimlarining faoliyati sogʻliq uchun xavfliligi va ogʻir sharoitlari uchun belgilangan jami 66 924 ming soʻm mablagʻ toʻlab berildi, - deyilgan tuman moliya boʻlimi mudiri imzosi bilan kelgan javob xatida.
Nihoyat haq joyiga qaror topdi, S.Mavlonova murojaati ortidan tuman SEOM xodimlari oʻzlariga ajratilishi lozim boʻlgan qonuniy qoʻshimcha toʻlovlarini olishdi.
Nail Tagirov,
Sayxunobod tuman adliya boʻlimi boshligʻi