Bugungi kunda davlat organlari va boshqa masʼul idoralar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikning samarali tashkil etilishi mamlakatimiz farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotimizning barcha jabhalarida toʻlaqonli aks etishida muhim omil hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Adliya vazirligiga mazkur yoʻnalishda qator qoʻshimcha vazifalar yuklatildi.

Farmonga asosan adliya organlari endilikda davlat organlari va tashkilotlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari ijrosi yuzasidan huquqiy-uslubiy koʻmaklashish faoliyati bilan shugʻullanadi.

Bu jarayonda masʼul ijrochilarga yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mazmun-mohiyati, shuningdek, ularga yuklatilgan vazifalar, ushbu vazifalarni bajarish boʻyicha koʻrilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar tartiblarini tushuntiradi hamda ularga metodik jihatdan koʻmaklashadi.

Muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar infografika, slayd, tahliliy materiallar yoki videodarslar bilan birgalikda “paket” tamoyili asosida yetkaziladi.

Bevosita joylarda hududiy adliya organlari ishtirokida haftaning bir kunida, davomiyligi bir soatdan oshmagan holda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mazmun-mohiyatini masʼul ijrochilarga tushuntirish boʻyicha, shu jumladan, videokonferensaloqa orqali muloqotlar tashkil etib boriladi.

Taʼkidlash joizki, Farmon qabul qilinganligiga endigina bir yarim oydan oshgan boʻlishiga qaramasdan, adliya organlari tomonidan bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, Farmonining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini har bir rahbar va xodim chuqur oʻrganishini tashkil etish uchun joriy yilning mart oyida joylarda adliya vaziri oʻrinbosarlari hokimlar, davlat organlari va tashkilotlari hududiy boʻlinmalari masʼul rahbar va xodimlari uchun qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini “viloyat – tuman – mahalla” tizimi asosida tashkil etish borasida oʻquv-amaliy seminarlar tashkil etildi.

Ushbu oʻquv-amaliy tadbirlarda tashkilotlar masʼul rahbar va xodimlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini tashkil etish yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari bilan ishlashda dasturulamal sifatida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni ijrochilarga oʻz vaqtida yetkazish, mazmun-mohiyatini tushuntirish, toʻliq va sifatli ijro etilishini tashkil etishga doir tavsiyalarni oʻz ichiga olgan huquqiy-uslubiy qoʻllanma tayyorlandi hamda barcha davlat organlari va tashkilotlarga amaliyotda qoʻllash va foydalanish uchun yuborildi.

Bu boradagi ishlarning izchil davom ettirish maqsadida adliya vazirining “Davlat organlari va tashkilotlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini tashkil etish, ijro nazoratini kuchaytirish hamda ularning bu boradagi masʼuliyatini yana-da oshirish yuzasidan manzilli huquqiy-uslubiy koʻmaklashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi buyrugʻi qabul qilindi.

Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va toʻliq, sifatli ijro etilishiga koʻmaklashish maqsadida adliya vaziri oʻrinbosarlari tomonidan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va ularning ijro intizomiga masʼul boʻlgan xodimlari ishtirokida vazirlik va idoralarda hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida Reja-grafik asosida amaliy uchrashuvlar va videokonferensaloqa orqali muloqotlar tashkil qilindi. Shuningdek, har bir hududning ikkitadan olis tumanlarida hamda mahallalarida joyiga chiqqan holda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni roʻyxatga olishdan boshlab, ularning ijro mexanizmlarini belgilash va ijroga qaratish, ijrosini taʼminlab, axborot kiritishga qadar boʻlgan jarayonlari izchillik bilan sodda va xalqchil tilda tushuntirib berilmoqda. Ijro nazoratini kuchaytirish hamda ularning bu boradagi masʼuliyatini va shaxsiy javobgarligini yana-da oshirish boʻyicha zarur tavsiyalar berish, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosining “respublika – viloyat – tuman – mahalla” tamoyili asosida tashkil etilishi hamda ijro etilishi mexanizmlari joyiga chiqqan holda oʻrganilib monitoring qilinmoqda. Shu bilan birga, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar va omillarni aniqlash, ularni hal etish boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari oldiga aniq masalalarni qoʻyish hamda natijasi boʻyicha asoslantirilgan takliflar kiritish belgilangan.

Qayd etish joizki, bunday amaliy uchrashuvlarning dastlabkisi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida tashkil etildi. Unda, avvalo, yuqorida keltirilgan Farmonning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, xususan, Prezident hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishga doir faoliyati tahlil qilinib, eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan masalalar haqida fikr almashildi. Mazkur vazirlik tomonidan Prezident hujjatlaridagi qariyb 4,5 ming topshiriqning ijro etilganlik holati, muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Amaliy uchrashuv yakunida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini tashkil etish va nazoratini olib borishni yana-da yaxshilashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Bunday uchrashuvlar hozirda boshqa vazirlik va idoralar bilan, shuningdek bevosita joylarda mahalliy davlat hokimiyati organlarida tashkil etilmoqda. Ularda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilmasligining tub sabablarini aniqlash, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish asosiy mavzu sifatida qaralmoqda.

Xojiakbar BOBOJONOV,

Adliya vazirligi masʼul xodimi