Adliya vaziri R. Davletov davlat xizmatlarini koʻrsatishda qonunchilik masalalari boʻyicha xalqaro ekspert G. Sxakaya bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 27 Iyul 2021 937

    Joriy yil 26-iyulda adliya vaziri Ruslanbek Davletovning Gruziya Respublikasidan tashrif buyurgan davlat xizmatlari koʻrsatishda qonunchilik masalalari boʻyicha xalqaro ekspert Giorgi Sxakaya hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Xalqaro ekspert Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va Yevropa Ittifoqining “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlari taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qoʻshma loyihasining 2021-yil uchun tasdiqlangan ish rejasiga asosan jalb etilgan.

    Xalqaro ekspert tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasiga oid qonunchilikni oʻrganish va xalqaro tajriba asosida qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, xalqaro ekspert qoʻshma loyiha doirasida ishlab chiqilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini rivojlantirishning besh yillik strategiyasi, Davlat xizmatlarini koʻrsatish standartlar va tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqadi.

    Uchrashuv davomida davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida mavjud muammolar, ularning yechimlari hamda sohani tahlil qilish va kelgusida takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishda eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan jihatlar xususida fikr almashildi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.