Adliya vaziri Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasi prezidenti bilan uchrashdi

    Xalqaro Notariuslar Ittifoqi 1948 yil tashkil etilgan nohukumat tashkilot bo'lib, hozirda unga lotin modelidagi 89 mamlakatning notariat tizimi a'zo.

    O'zbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletov hamda Xalqaro Notariuslar Ittifoqining Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasi (CCNI) prezidenti R. Bok o'rtasida uchrashuv o'tkazildi. Uchrashuv davomida Adliya vaziri so'ngi yillarda mamlakatda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash, ularga engillik yaratish maqsadida notariat sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi. SHuningdek, uchrashuvda lotin notarial modelining xalqaro standartlari va ilg'or tajribalarini milliy notariat tizimiga implementatsiya qilishda O'zbekistonning Xalqaro notariuslar ittifoqiga a'zo bo'lishining muhimligi ta'kidlandi.

    R. Bok uchrashuv tashkil qilinganligi uchun minnatdorchilik bildirib, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarni, xususan notariat sohasidagi o'zgarishlarni yuqori baholadi. Uchrashuv davomida tomonlar lotin notarial modelining o'ziga xos jihatlari hamda uning O'zbekiston notariat tizimiga tatbiq qilinishi istiqbollari xususida o'zaro fikr almashdilar va o'zaro hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha kelishib oldilar.

    Ma'lumot o'rnida: Xalqaro Notariuslar Ittifoqi 1948 yil tashkil etilgan nohukumat tashkilot bo'lib, hozirda unga lotin modelidagi 89 mamlakatning notariat tizimi a'zo. Ittifoqning asosiy vazifasi dunyo bo'ylab notarial faoliyatni muvofiqlashtirish va rivojlantirish, notariat sohasidagi huquqni o'rganish va milliy qonunchilikni xalqaro darajada uyg'unlashtirish hisoblanadi. Ittifoq a'zoligiga kirish uchun davlatlar notariat tizimi yuqori standartlarga javob berishi talab etiladi.

    Aytish joizki, Xalqaro notariuslar ittifoqiga a'zo bo'lish milliy notariat tizimini rivojlangan davlatlar notariat tizimlari bilan bir qatorda bo'lishini, notariuslar tasdiqlagan hujjatlar dunyo miqyosida shubhasiz tan olinishini ta'minlaydi. SHuningdek, ushbu a'zolik mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksalishiga, xorijiy investorlarning sarmoya kiritishga bo'lgan ishonchini oshishiga xizmat qiladi.

    Adliya vazirligi

    jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi