Adliya vaziri Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konferensiyasi rahbariyati bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 1 Iyun 2022 1333

    Joriy yil 31-mayda Gaaga shahrida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konferensiyasi Bosh kotibi Kristof Bernaskoni bilan uchrashdi.

    Uchrashuv Oʻzbekiston delegatsiyasining Butunjahon odil sudlov forumida ishtirok etish uchun Gaagaga (Niderlandiya) tashrifi doirasida boʻlib oʻtdi.

    Maʼlumot uchun: Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konferensiyasi (XXHGK) – 1893-yilda xalqaro xususiy huquq “normalarini izchillik bilan unifikatsiya qilish”ga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot. Oʻzbekiston ushbu tashkilotga 2020-yil mart oyida rasman aʼzo boʻlgan.

    Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlgan mazkur tashkilot konvensiyalarini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston XXHGK doirasidagi uchta konvensiya: 1954-yilgi Fuqarolik protsessi masalalari boʻyicha konvensiya, 1961-yilgi chet el rasmiy hujjatlarini legallashtirish talabini bekor qiladigan konvensiya va 1980-yilgi Xalqaro bolalarni oʻgʻirlashning fuqarolik-huquqiy jihatlari toʻgʻrisidagi konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi.

    Uchrashuv davomida adliya vaziri R.Davletov, Oʻzbekistonning Gaaga konferensiyasi aʼzosi ekanligi – bu mamlakatimizdagi keng koʻlamli oʻzgarishlar samarasi natijasi boʻlib, xalqaro huquqiy yordam koʻrsatish soddalashtirilishiga olib kelganini taʼkidladi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekistonning mazkur xalqaro tashkilotda toʻlaqonli aʼzo sifatidagi faoliyati, ishlab chiqilayotgan xalqaro hujjatlarda milliy manfaatlarni aks ettirish imkonini beryapti.

    Shu maʼnoda R.Davletov migratsiyaning jadal surʼatlar bilan oʻsib borayotgani, turli sohalarda fuqarolik-huquqiy nizolar sonining koʻpayishi, oʻz-oʻzidan zudlik bilan yechim topish zaruratini keltirib chiqarayotganiga eʼtibor qaratdi.

    Vakolatli organlarning tezkor va samarali hamkorligiga koʻpgina insonlar taqdiri bogʻliq. Shu munosabat bilan Gaaga konferensiyasi bilan xalqaro huquqiy yordam sohasida yaqindan hamkorlikni davom ettirish muhimligi bildirildi.

    Oʻz navbatida, Gaaga konferensiyasi Bosh kotibi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. K. Bernaskoni Oʻzbekistonga tashriflari chogʻida hayotning barcha jabhalari jadal rivojlanishiga guvoh boʻlganini taʼkidladi.

    Bosh kotib XXHGKning xalqaro xususiy huquq normalarini unifikatsiya qilish boʻyicha tavsiyalari amalga oshirilayotgan islohotlarda oʻz aksini topayotgani, bu esa Oʻzbekiston rahbariyatining huquq tizimini jahon standartlarini muvofiq yanada rivojlantirish yoʻlida hamkorlik qilishdan manfaatdorligi va istagidan dalolat berishini qoʻshimcha qildi.

    Uchrashuv soʻnggida tomonlar vazirlikning XXHGK bilan xalqaro xususiy huquq ustuvor yoʻnalishlarni belgilash va rivojlantirish, konvensiyalarni kelgusida ratifikatsiya qilish va samarali implementatsiya qilishga qaratilgan hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligi toʻgʻrisida yakdil fikr bildirdi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.