Loyihalarning 640 tasi (28 foiz) eʼtirozlar bilan qaytarilgan.
Shuningdek, gilyotina usulida Hukumatning qarorlari ham qayta koʻrib chiqilib, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qarori bilan 1 887 ta qaror oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilgan. Natijada, normativ-huquqiy bazada Hukumat hujjatlari 10 foizga qisqargan.
Qayd etilishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan kiritilgan 101 ta hujjatdan 40 tasi qabul qilish maqsadga muvofiq emas deb topilgan. Bunday holat Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 97 tadan 30 tani, Transport vazirligida 56 tadan 20 tani tashkil etgan.
Senatorlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida oʻz yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish lozimligi taʼkidlandi.
Jumladan, hududiy davlat organlariga uslubiy koʻmak koʻrsatish orqali ularning mazkur yoʻnalishdagi faoliyati samaradorligini oshirish choralarini koʻrish, normativ hujjat qabul qilgan organ bilan amaliy hamkorlikni keng yoʻlga qoʻyish zarurligi aytib oʻtildi.
Vazirliklar va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy, gender-huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizalardan oʻtkazishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa idoralar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, har bir ekspertiza xulosasini vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirish muhim masala ekanligi qayd etildi.
Senatorlarning fikricha Adliya vazirligi va uning hududiy idoralari davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taqdim etilgan loyihalarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish muddatlariga qatʼiy amal qilishi, normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishida ularga koʻmaklashishiga alohida eʼtibor qaratishi lozim.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.