Majlisda Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Xususan, “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, geografik koʻrsatkich, qoida tariqasida, ishlab chiqarilayotgan tovarni belgilash uchun nomi qoʻllaniladigan mazkur geografik obyektda joylashgan bir nechta yuridik yoki jismoniy shaxslarning talabnomasiga binoan roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkinligi, istisno tariqasida esa, boshqa manfaatdor shaxslar boʻlmagan taqdirda bitta yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnoma berish mumkinligi belgilanmoqda.
Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida oʻzining noyob mahsuloti uchun belgini roʻyxatdan oʻtkazishni xohlovchi ishlab chiqaruvchilar soni koʻpayishiga, eng asosiysi mintaqaviy brendlar rivojlanishiga erishiladi. Bu esa, geografik koʻrsatkich bilan himoyalanadigan qoʻshimcha qiymatga ega ishlab chiqaruvchilar mahsulotining mahalliy va xorijiy bozorlarga chiqishiga imkon yaratadi.
Tadbirda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.
Bugungi kunda “propiska” soʻzi maʼnaviy eskirganligi va ushbu atama fuqarolar ongida “toʻsqinlik qiluvchi”, “erkinlikni cheklovchi” degan tushunchalarni keltirib chiqarmoqda.
Shu bois mavjud muammo va kamchiliklarni, doimiy propiska bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladigan qonun hujjatlaridagi boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida, shuningdek amalda boʻlgan biometrik pasport bilan bogʻliq yangi huquqiy munosabatlar joriy etilganligi bois mazkur Qonunni qabul qilish zarurati tugʻildi.
Xususan, Qonun bilan qonun hujjatlardagi “doimiy propiska qilish” va “turgan joyi boʻyicha hisobga olish” tushunchalarini “doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish” va “vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish” tushunchalariga almashtirish, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansub emaslik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani rasmiylashtirganlik uchun davlat boji belgilash va fuqaro ID-kartani yaroqsiz holga keltirganda va yoʻqotib qoʻygan taqdirda bu haqida tegishli idoraga oʻz vaqtida murojaat qilmasa, maʼmuriy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, majlisda adliya vazirining 2021-yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyotining holati toʻgʻrisidagi axboroti muhokama qilindi.
2021-yilda Adliya vazirligi tomonidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilganligi, biroq davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida oʻz yechimini kutayotgan muammolar borligi va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
Jumladan, hududiy davlat organlariga uslubiy koʻmak koʻrsatish orqali ularning mazkur yoʻnalishdagi faoliyati samaradorligini oshirish choralarini koʻrish, normativ-huquqiy hujjat qabul qilgan organ bilan amaliy hamkorlikni keng yoʻlga qoʻyish zarurligi aytib oʻtildi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy, gender-huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizalardan oʻtkazishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa tegishli idoralar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, har bir ekspertiza xulosalarini vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirish muhim masala ekanligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Qoʻmita majlisida Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti ham muhokama qilindi.
Davlat dasturining 11-bandidagi kam taʼminlangan va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan fuqarolarga bepul yuridik yordam koʻrsatishni hamda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi “Bepul yuridik yordam toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati huquqiy asoslarini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) huquqiy asoslarini yaratish hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning vositalarini takomillashtirish va Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021—2025-yillarga moʻljallangan milliy strategiyani ishlab chiqish bilan bogʻliq bir qator vazifalar belgilangan muddatda bajarilmaganligi tanqid qilindi.
Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.