Joriy yilning 17-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Marhamat tumanidan bir fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Nodavlat notijorat tashkilotlar boshqarmasiga sport tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish maqsadida e-ngo.uz sayti orqali 2022-yilning 13-noyabr kuni 7643-son ariza bilan murojaat yoʻllaganligi hamda ushbu murojaatga oʻz vaqtida javob berilmayotganligi haqidagi videomurojaati eʼlon qilindi.

Videomurojaatda nazarda tutilayotgan sport tashkiloti – “Oʻzbekiston Uchartoʻp federatsiyasi”ni nodavlat notijorat tashkiloti sifatida roʻyxatdan oʻtkazish maqsadida joriy yilning 13-noyabr kuni fuqaro J. Boʻtakulov tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlariga elektron davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vazirlikning e-ngo.uz saytiga 7643-son ariza kelib tushgan.

“Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasiga asosan, nodavlat notijorat tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun hujjatlarni qabul qilib olgan adliya organi ularni bir oylik muddat ichida koʻrib chiqadi hamda nodavlat notijorat tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran uch kun ichida muassislarga davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida guvohnoma yoki qonunchilikning qaysi qoidalari buzilganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishga olib kelganligi haqida aniq koʻrsatilgan hujjat beradi.

Vazirlik tomonidan ushbu ariza va unga ilova qilingan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda, oʻz vaqtida koʻrib chiqilib, joriy yilning 13-dekabr kuni murojaatchi J. Boʻtakulovning yashash manziliga javob xati yuborilganligi maʼlum qilinadi, — deyiladi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi bayonotida.