Shu maqsadda joriy yil 14-aprel kuni qabul qilingan Hukumat qarori (218-son) bilan hokimlar qarorlarini qabul qilish jarayonini butunlay elektron shaklda amalga oshirilishini nazarda tutuvchi “E-qaror” elektron tizimini ishga tushirish belgilandi.
Hukumatning mazkur qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan hokim qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron “E-qaror” tizimi ishlab chiqildi.
Tizim nimalar beradi?
Birinchidan, qonuniylik va qonun ustuvorligi taʼminlanadi. Tizimga hokim tomonidan qabul qilinishi mumkin boʻlgan barcha qarorlar tahlil qilinib, hokimning barcha manfaatdor vazirlik va idoralardan turli ekspertizalardan oʻtkazilgan 100 ga yaqin namunaviy qaror loyihalari kiritilgan. Bu hokim qarorini ishlab chiquvchilarga qulaylik tugʻdirib, qonun buzilish holatlarining oldini oladi. Shuningdek, hokim qaror loyihalarini ishlab chiqishdan boshlab qabul qilishgacha boʻlgan barcha jarayonlar adliya organlari tomonidan monitoring qilib boriladi.
Ikkinchidan, hokimlar faoliyatida shaffoflik kuchaytiriladi.
“E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilingan har bir qarorlarga e-qaror.gov.uz saytida takrorlanmaydigan maxsus raqam beriladi va avtomatik tarzda eʼlon qilinadi, ushbu qarorlar bilan barcha fuqarolar va OAV vakillari, keng jamoatchilik tanishish imkoniyati mavjud. Bu esa oʻz navbatida hokimlikning norma ijodkorligi jarayoni ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga, mavjud qonun buzilishlarga tezkor munosabat bildirish imkoniyatini beradi.
Uchinchidan, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi.
Hokimlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning elektron tizim orqali amalga oshirilishi, mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Yaʼni qarorlarni kelishish, ularni roʻyxatga olish, raqamlash barchasi elektron amalga oshiriladi.
Shuningdek, hokimlarning “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinadigan qarorlari avtomatik ravishda mazkur hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida va Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi axborot tizimi – “LexUZ”da eʼlon qilib boriladi.
Toʻrtinchidan, fuqarolarning jamoatchilik nazoratidagi oʻrni va roli oshadi.
“E-qaror” elektron tizimini respublikamizning barcha hokimliklarida joriy etish orqali fuqarolarimizning mahalliy norma ijodkorligi jarayonida faol ishtiroki taʼminlanadi, hokimliklar tomonidan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari poymol boʻlishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi ortiqcha maʼmuriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan qoidalar va normalar oʻrnatilishining oldini olish yuzasidan munosabat bildirish imkonini yaratadi.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan “E-qaror” elektron tizimidan tashqari qabul qilinadigan hokimlar qarorlarini haqiqiy emas deb topish hamda bunday qarorlarni amalga kiritgan mansabdor shaxslarga javobgarlikni belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
“E-qaror” elektron tizimi 2021-yil yanvar-may oylarida Qashqadaryo viloyatida eksperiment tariqasida sinovdan oʻtkazilmoqda. Joriy yilning 18-fevral kuni Oʻzbekiston tarixida ilk bor mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori “E-qaror” yagona elektron tizimi orqali qabul qilindi.
Eksperiment doirasida aniqlangan kamchilik va muammolar bartaraf etilib, tizimning 2021-yil 1-iyuldan respublikadagi barcha hokimliklar faoliyatiga joriy etilishi nazarda tutilgan.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi









