Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ekologik ekspertiza va atrof-muhitga taʼsirni baholash sohasida joriy etilayotgan yangi mexanizmlar taqdim etildi.
Tadbirda ekologiya sohasi mutaxassislari, loyiha ishlab chiquvchilar, tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirok etdi. Anjumanda mamlakatda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani taʼkidlandi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori Gʻayrat Muxamedovning taʼkidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-maydagi 234-son qarori bilan davlat ekologik ekspertizasi, atrof-muhitga taʼsirni baholash, jamoatchilik eshituvlari, jamoat ekologik ekspertizasi, strategik ekologik baholash hamda ekologik hujjatlarni ishlab chiquvchilar faoliyatini tartibga solishning yangi mexanizmlari belgilandi. Hujjatni ishlab chiqishda Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Kanada, AQSH, Turkiya, Gruziya, Singapur, Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston tajribasi oʻrganilgan.
Yangi qarorga muvofiq, davlat ekologik ekspertizasi toʻliq raqamlashtiriladi va barcha hujjatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi. Bu jarayonlarning shaffofligini taʼminlash, inson omilini kamaytirish hamda davlat xizmatlarini soddalashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, atrof-muhitga taʼsirni baholash tizimi xalqaro yondashuvlar asosida takomillashtirildi. Endi loyihalar xavflilik darajasiga qarab baholanadi, skrining va skoping bosqichlari joriy etiladi, uglerod izi hamda issiqxona gazlari emissiyasi hisobga olinadi. Bundan tashqari, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, ekologik hujjatlarni ishlab chiquvchilarning masʼuliyatini kuchaytirish, ular uchun malaka sertifikati va reyting tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
Yana bir muhim yangilik — jamoat ekologik ekspertizasi institutining joriy etilishidir. Endilikda fuqarolar va nodavlat notijorat tashkilotlari ekologik ahamiyatga ega loyihalar boʻyicha mustaqil jamoat ekologik ekspertizasini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur oʻzgarishlar ekologik ekspertizani oddiy ruxsat berish tartibidan ekologik xavflarni oldindan baholash va boshqarishga qaratilgan zamonaviy tizimga aylantiradi. Bu esa ekologik xavflarni kamaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, davlat xizmatlari shaffofligini oshirish hamda iqtisodiy rivojlanish bilan atrof-muhit muhofazasi oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashga xizmat qiladi.