Advokat firib berishga urindi: 6 ming dollar evaziga mahkumni ozod qilib bermoqchi boʻldi

    Jizzax shahrida mahalliy advokatlik hayʼati advokati bir mahkumni sud tizimidagi tanishlari orqali ozod qilib berishni vaʼda qilib, “xizmat haqi” olayotgan vaqtda qoʻlga olindi.

    Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

    Xabarda aytilishicha, Advokat Mirzachoʻl tumanida yashovchi, fuqaro bilan oʻzaro til biriktiradi.

    Ular Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi manzil koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtayotgan mahkumni Jizzax viloyat sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi asosida muddatidan oldin ozodlikka chiqarib berish evaziga 6 ming AQSH dollari talab qilishadi.

    Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari hamkorligida Jizzax shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ular soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.