Taʼkidlash joizki, raqamlashtirish jarayoni advokatura sohasini ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Jumladan, 2022-yil 30-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqi uchun litsenziya berish, talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirishining amaldagi tartibi saqlangan holda, “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi va rasmiylashtirib borilishi, advokatlik tuzilmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali “yagona darcha” tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshirilishi, advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha kompozit xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratilishi belgilandi.

Qaror bilan Adliya vazirligining 2023-yil 1-yanvardan fuqarolarga yuridik yordam koʻrsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimini ishga tushirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berildi.

“Yuridik yordam” axborot tizimi doirasida advokatlar elektron reyestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabinetini shakllantirish, advokatning shaxsiy elektron kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonch bildiruvchi shaxs xohishiga asosan masofadan turib yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, advokatura, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari oʻrtasida elektron hujjatlar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi (bundan qonun bilan muhofaza qilinadigan sirni tashkil etuvchi axborotlar mustasno).

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov harakatlari yoki sud majlisi oʻtkazilish vaqti va joyi toʻgʻrisida advokatga elektron xabar berish imkoniyati yaratiladi. Advokat soʻrovini elektron yuborish va advokat soʻrovi asosida yuridik yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyilib, advokatning oʻz arizasiga koʻra advokatlik maqomini toʻxtatib turish elektron tarzda advokat tomonidan xabarnoma berish shaklida amalga oshiriladi.

“Yuridik yordam” axborot tizimi joriy etilishi munosabati bilan davlat hisobidan advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz, elektron tartibda tasodifiy tanlash yoʻli bilan aniqlanadi. Advokatlarning onlayn malaka oshirishini tashkil etish va malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni elektron shaklda berish tartibi joriy etilib, advokatlik tuzilmalaridan statistik maʼlumotlarni anʼanaviy shaklda yigʻish bekor qilinib, statistik maʼlumotlar avtomatik ravishda umumlashtiriladi.

Eʼtiborli jihati shundaki, 2023-yil 1-fevraldan boshlab advokatlik tuzilmalari tomonidan advokatlarga muayyan ishni olib borish uchun beriladigan anʼanaviy shakldagi order maqomiga teng boʻlgan maxsus QR-kod qoʻyilgan “Elektron advokatlik orderi”ni berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Oʻylaymizki, mazkur islohotlar orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam koʻrsatish tizimi tubdan takomillashadi hamda mazkur sohada sansalorlik, byurokratiya hamda qogʻozbozlikka chek qoʻyiladi.

Axror Esonboyev,

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi yetakchi maslahatchisi