«Aeroflot" aviakompaniyasi samolyoti Toshkentga favqulodda qoʻndi

    Bunga yoʻlovchining sogʻligʻi yomonlashgani sabab boʻlgan.

    Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasining Fargʻona – Moskva yoʻnalishi boʻyicha SU1971 reysini amalga oshirayotgan samolyot Toshkent aeroportiga favqulodda qoʻndi.

    Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmatining maʼlum qildi.

    Bunga yoʻlovchilardan birining sogʻligʻi yomonlashgani sabab boʻlgan. Ekipaj muqobil aerodromga borishga qaror qildi.

    Boeing 737 samolyoti mahalliy vaqt bilan 22:11 da poytaxtga kelib qoʻndi. Samolyotdan yoʻlovchi (1954-yilda tugʻilgan ayol) va uning yuklari tushirilgach yoʻlovchi insult gumoni bilan Toshkentdagi tibbiyot muassasalaridan biriga yotqizildi.

    Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 23:02 da Moskvaga uchdi.