Konferensiya doirasida Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi Afgʻoniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Indoneziya va Qatar tashqi ishlar vazirlari mehmon sifatida qatnashdilar.
Ushbu tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov ishtirok etdi.
Konferensiyada mojarodan keyingi davrda Afgʻonistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida koʻp tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ichki va tashqi muammolarni hal qilishda Afgʻonistonni qoʻllab-quvvatlashning eng samarali yondashuvlari yuzasidan fikr almashdilar. Shu bilan birga, mamlakat muvaqqat hukumati tomonidan ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar eʼtirof etildi.
Afgʻoniston inqirozini tinch yoʻl bilan hal qilish uchun mintaqa davlatlarining saʼy-harakatlarini birlashtirish, mamlakatda barcha etnik va siyosiy guruhlarning ishtirokiga asoslangan inklyuziv hukumat tuzishni jadallashtirish, shuningdek, inson hamda ayollar va milliy ozchiliklarnining huquqlarini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi. Afgʻoniston muvaqqat hukumati tomonidan mamlakatdagi terroristik tashkilotlar faoliyatiga yoʻl qoʻymaslik hamda Afgʻoniston hududidan qoʻshni davlatlarga tahdidlarning oldini olish boʻyicha oʻz majburiyatlari bajarilishining muhimligiga, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning boshqa talablariga alohida eʼtibor qaratildi.
Konferensiyada soʻzga chiqqan S.Umurzakov Afgʻonistonga mavjud muammolarni bartaraf qilish, milliy iqtisodiyotni qayta jonlantirish, ijtimoiy masalalarni hal etish va mamlakat hayotini normallashtirishda koʻmaklashishga qaratilgan mintaqaviy hamkorlikni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi. Afgʻoniston muvaqqat hukumatini xalqaro miqyosda tan olishning mexanizmi va mezonlarini ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu choralar mamlakatning mintaqaviy makon va xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvini tezlashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, Oʻzbekiston tomoni mintaqa davlatlari, hamkor mamlakatlar va Afgʻoniston bilan barcha ustuvor yoʻnalishlarda, jumladan, iqtisodiy jihatdan tiklashni tezlashtirish va afgʻon xalqining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.
Anjuman yakunida taraflarning qoʻshma bayonoti va Afgʻonistonni iqtisodiy jihatdan tiklashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Tunsi tashabbusi” qabul qilindi.
Tadbirlar doirasida S.Umurzakov xorijlik hamkasblari bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar ham oʻtkazdi. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi aʼzosi, tashqi ishlar vaziri Van I, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon va Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvlar davomida tomonlar olib borilayotgan saʼy-harakatlarning hozirgi holatini muhokama qildilar hamda ustuvor yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish borasida navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.