Afgʻonistonda bank tizimi
Afgʻonistonda bank tizimi ikki pogʻonali qilib tashkil etilgan. Birinchi pogʻonada mamlakat markaziy banki — Afgʻoniston DA Banki (DAB) boʻlsa, ikkinchi pogʻonada — tijorat banklari turadi.
DA Bankning tarixi 80 yildan ortiq. 1939-yil Kobulda Afgʻoniston qirolining 1317/5280 sonli qaroriga asosan tashkil etilgan. Bank tashkil etilganidan to 2001-yilgacha ham markaziy bank, ham tijorat banki sifatida faoliyat yuritgan (bu davrda DAB bilan tijorat banki sifatida raqobatlashgan boshqa banklar ham boʻlgan). Aynan shu yildan boshlab, DA Bank tijoriy faoliyatini yakunladi va bank mamlakatda Markaziy bankni tamsillaydigan mustaqil institutga aylandi.
Afgʻonistonning “DAB togʻrisida”gi Qonuniga koʻra, narxlar barqarorligi bankning bosh maqsadi sanaladi. Shuningdek, monetar siyosat ishlab chiqish, ijro etish va moslashtirish, xorijiy valyuta siyosatini amalga oshirish, banknotalar va tangalar zarb qilish bankning majburiyatlariga kiradi.
Mamlakatdagi tijorat banklari
Ikkinchi pogʻona, yaʼni bevosita aholi va korxonalar bilan ishlaydigan tijorat banklari soni, rasmiy manbalarga koʻra, 12 dona. Ulardan 7 tasi xususiy, 3 tasi hukumatga qarashli va 2 tasi xorijiy banklarning shoʻba banki.
Davlat banklari:
-
Afgʻon milliy banki (Bank Millie Afghan),
-
Pashtoniy bank (Pashtany Bank),
-
Yangi Kobul banki (New Kabul Bank).
Xususiy banklar:
-
Aziziy bank (Azizi Bank),
-
Afgʻoniston xalqaro banki (Afghanistan International Bank),
-
Afgʻoniston islom banki (Islamic Bank of Afghanistan),
-
Maivand bank (Maiwand Bank),
-
Afgʻon Yunayted bank (Afghan United Bank),
-
Birinchi mikromoliya banki (The First Micro Finance Bank),
-
Gʻazanfar bank (Ghazanfar Bank).
Xorijiy bank shoʻbalari:
-
Pokiston milliy banki (National Bank of Pakistan),
-
Alfalah banki (Bank Alfalah ltd).
Mamlakat boʻylab 409 ta bank filiallari bor, ulardan 138 tasi hukumat banklari, 271 tasi xususiylarga tegishli. 2014-yilgi statistikaga koʻra, omonatchilar (depozitorlar) soni 3 134 754 kishi, kreditchilar (qarzdorlar) soni esa 54 217 kishi. Oʻsha yilda omonatlarning umumiy miqdori $3,76 mlrd.ga, kreditlarning umumiy miqdori esa $742 mln.ga teng edi. Depozit va kredit munosabati 20% ga teng. Aholi omonatini bankka ishonishiga eng katta sabablardan biri, mablagʻlarning uydagidan koʻra xavfsizroq turishidir. Kreditlarning depozitlarga nisbatan kamligi esa qisman aholining anʼanaviy bank kreditini ribo sifatida bilib, undan foydalanmasligi, aholi xarid qobiliyatining pastligi bilan izohlanmoqda. Mamlakat qishloq joylarida, viloyatlarda aholi va mahalliy tadbirkorlarda banklar va ularning mahsulotlari haqida maʼlumot yetarlicha emas. Odamlar haligacha pul ayirboshlashda sarroflar xizmatidan foydalanadi. Mamlakatda yangi tijorat banklari ochilishi munosabati bilan sarrof tizimining bozordagi ulushi oxirgi oʻn yillikda pasayib bordi.
Afgʻoniston Banklar assotsiatsiyasiga koʻra, kamida 12 foiz afgʻonlar bank xizmatlaridan foydalanadi. 8 foiz aholida esa elektron bank xizmatlaridan toʻliq foydalanib kelmoqda. Assotsiatsiya tomonidan yuritiladigan statistika mamlakatda 3,5 mln.dan ortiq depozitorlar borligini, ulardan 300 mingi 7 ta turdagi debit kartalardan foydalanishini koʻrsatmoqda.
Islom banklari
Mamlakatda aholining katta qismi islomga eʼtiqod qilgani uchun mamlakat banklari tomonidan islom bankchiligi xizmatlari ham koʻrsatiladi. Afgʻoniston Markaziy banki tomonidan islom banki/darchasi ochish uchun bankning aktivlari klassifikatsiyasi, bank likvidligi va risk menejmentiga turli talablar qoʻyilgan. Mamlakatda banklar tomonidan murobaha, muzoraba, ijara, mushoraka, qarz al-hassan, salam, istista kabi xizmatlar koʻrsatiladi. Afgʻonistonda rasmiy roʻyxatdan oʻtgan barcha banklarda islom darchalari mavjud yoki bank toʻliq shaʼriy tamoyillar asosida faoliyat yuritadi.
Afgʻoniston bank tizimi kamchiliklari
Afgʻoniston Markaziy banki - DA Bank oʻzining suveren obligatsiyalarini chiqarmaydi. Ayrim mutaxassislarda ushbu bank oʻzining asosiy faoliyati narxlar barqarorligini taʼminlay olmayotgani borasida savollar bor. Mamlakat iqtisodiyoti yuqori darajada dollarlashgan. Soʻnggi oʻn yilda afgʻoni (Afgʻoniston pul birligi) dollarga nisbatan oʻz qiymatini 80-90 foizga yoʻqotdi. Markaziy bank bunga sabab sifatida mamlakat iqtisodiyotidagi beqarorliklar, mutassil davom etayotgan urushlarni keltirsa, ayrimlar shunday sharoitda ham narxlar barqarorligi DAB tomonidan taʼminlashga nisbatan yetarli sharoitlar yaratilmaganini taʼkidlab keladi.
Afgʻon banklari kelajagi
Afgʻonistonda hokimiyat tolibon tomoniga oʻtib boʻldi. Tolibon esa mamlakatda Islom amirligi qurishini eʼlon qildi. Davlat, agar toʻlaligicha islom tamoyillari asosida boshqarilsa, 2001-yildan keyin ozgina jonlangan tijorat banklari faoliyati yana-da toʻxtatilishi xavfi yuzaga keladi. Chunki shariyat qonun-qoidalari anʼanaviy banklar faoliyat koʻrsatishiga qarshilik qiladi. Mamlakatdan yirik va oʻrta biznes vakillarining chiqib ketishi, kapitalning chetga oqishi, oxir-oqibat bank tizimi inqirozida oʻzini koʻrsatadi. Agar tolibon boshqaruvi bir necha yillar davom etsa, toliblar oldida, mamlakat iqtisodiyotini qayta qurish, bank tizimi faoliyatini jonlantirish masalasi kun tartibiga chiqadi.