Chegarani buzganlar qarshilik koʻrsatmagan va koʻmakka muhtojligini bildirgan, jumladan, 3 nafar yaralangan shaxsga tibbiy yordam soʻragan.
Afgʻonistonning mazkur fuqarolari bilan zarur tekshiruv-filtrlash jarayonlari va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari oʻtkazildi, ularning ayrimlariga tibbiy yordam koʻrsatildi, shuningdek, oziq-ovqat va ularning vaqtincha joylashishi tashkil etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Shu bilan birga, Termiz — Hayraton koʻprigining Afgʻoniston qismida Afgʻoniston hukumat kuchlarining harbiy xizmatchilari toʻplangani qayd etildi. Bu shaxslarga insonparvarlik yordami koʻrsatish choralari koʻrilmoqda.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afgʻoniston fuqarolarining vataniga qaytishi va “Termiz — Hayraton” koʻprigi hududidagi vaziyatni tartibga solish borasida Afgʻoniston tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda.
Bundan tashqari, 14-avgust kun davomida “Termiz — Mozori — Sharif” temir yoʻl uchastkasida xizmat koʻrsatuvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini vatanga qaytarish tashkil etildi.
Taʼkidlash joizki, davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda, barcha zarur xavfsizlik choralari koʻrilgan. Termizda xavfsizlik idoralari rahbarlari va davlat hokimiyati organlari vakillaridan iborat tezkor shtab joylashtirilgan.