Qayd etilishicha, mazkur tashrif doirasida “Made in Uzbekistan” savdo uyining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.
Ikki tomon vakillari hamda tadbirkorlari ishtirok etgan mazkur tadbirda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan keng turdagi mahsulotlarni Afgʻoniston bozoriga olib kirish va bu yerdagi ehtiyojni qoplashda ushbu savdo uyi muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar eʼtiboriga keng turdagi elektrotexnika mahsulotlari va yangi texnologiyalar taqdim etildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur savdo uyining ochilishi tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni mustahkamlab, savdoni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu yerda elektrotexnika mahsulotlari va yangi texnologiyalar muntazam ravishda namoyish etilib, mahalliy xaridorlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri savdo aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, tashrif doirasida “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi vakillari Qobul shahrida elektrotexnika sanoati sohasida faol muzokaralar olib bordi. Uchrashuvlarda toʻgʻridan toʻgʻri savdo bitimlari tuzish, hamkorlikni mustahkamlash va uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Afgʻoniston bozorining ehtiyojlari chuqur tahlil qilinishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Uyushma axborot xizmatining maʼlum qilishicha, yangi savdo imkoniyatlari Oʻzbekiston mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish, ularni mahalliy bozor ehtiyojlariga moslashtirish va ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash imkoniyatlarini yaratadi.