«Afrosiyob»: O‘zbekiston Mustaqilligining 30-yilligiga to‘yona

    Transport 30 Iyul 2021 1004

    Bugun, Toshkent shahrida O‘zbekistonga yangi keltirilgan «Afrosiyob» – yuqori tezlikda harakatlanuvchi poezdining tantanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruv raisi v.b. Xasilov Xusnutdin Nuriddinovich hamda Ispaniyaning «Patentes Talgo S.L.U.» kompaniyasining Toshkent shahrida joylashgan filiali direktori Xaver Romero Kaballero ishtirok etdilar.

    – Ma’lumki, yurtimizga dastlabki ikkita «Afrosiyob» poezdlari 10 yil oldin, 2011-yilda va keyingi yana ikkita harakat tarkibi esa 2017-yilda olib kelindi, – deydi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruv raisi v.b. X.Xasilov. – Mazkur elektropoezdlarning xarid qilinishi O‘zbekiston temir yo‘llarida yo‘lovchi tashish sifatini oshirib, mamlakatimiz transport-kommunikatsiya tizimlarining jaxon standartlari darajasiga olib chiqdi.

    Xabaringiz bor, 2019-yil iyun oyida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Ispaniyaning «Patentes Talgo S.L.U.» kompaniyasi bilan yana ikkita Talgo-250 rusumli yuqori tezlikdagi poezdlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Shartnoma qiymati 57,5 million evroni tashkil etdi. Moliyalashtirish Ispaniya kompaniyalarining korporativ xalqarolashtirish jamg‘armasi (FIeM) tomonidan amalga oshiriladi. Investitsiya loyihasiga ko‘ra, ikkita poezddan tashqari, Ispaniya kompaniyasi to‘rtta Ekonom-klass turdagi vagonlar, shuningdek, ta'mir ishlari uchun kerakli uskunalar yetkazib beriladi.

    – Avvalo, O‘zbekiston temir yo‘l ma’muriyatiga chuqur hurmat va ehtirom bildirmoqchiman, – deydi Ispaniyaning «Patentes Talgo S.L.U.» kompaniyasining Toshkent shahrida joylashgan filiali direktori Xaver Romero Kaballero. – Bizning hamkorligimiz 10 yil davom etmoqda va biz ushbu qo‘shma loyihani rivojlanib borayotganidan mamnunmiz va sizlarning quvonchingizni va ushbu g‘alabani siz bilan baham ko‘rishimizdan g'oyat xursandmiz.

    Bugungi kunda yurtimizda mazkur rusumli poezdlarining to‘rttasi Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Qarshi kabi shaharlariga qatnovlarni amalga oshiradi. Yaqin kelajakda esa, Buxoro – Xiva yangi temir yo‘linida elektrifikatsiya ishlari yakunlangach, yuqori tezlikdagi poezdlar yo‘nalishi Xorazmga qadar yetib boradi.

    Joriy yil iyul oyining boshlarida yangi, yuqori tezlikdagi harakat tarkiblari yuk kemasiga ortilgan bo‘lib, dastlab 4 000 kilometr masofani kemada Ispaniyaning Bilbao shahridan Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrigacha yetkazilgan. 20 iyul kuni «Afrosiyob» poezdi Sankt-Peterburg shahridan chiqib, 4 200 kilometr masofani Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston orqali bosib o‘tib O‘zbekiston tomon yo‘l oldi va bugun, 24-iyulda Toshkentga yetib keldi. Navbatdagi, beshinchi poezd investitsiya loyihasi doirasida xarid qilindi. Joriy yil sentyabr-oktyabr oylarida ushbu turdagi yana bir harakat tarkibi yetkazib berilishi kutilmoqda.

    Eslatib o‘tamiz, bundan 10 yil ilgari, aniqrog‘i 2011-yilda yurtimizga birinchi yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» zamonaviy poezdi olib kelingan bo‘lib dastlab Toshkent va Samarqand o‘rtasida harakatlana boshladi. Poezd VIP-, Biznes- va Ekonom-toifadagi vagonlarini, shuningdek Bistro-vagonini o‘z ichiga oladi. Poezd soatiga 230 kilometr tezlikgacha harakatlanyapti va Toshkentdan Samarqandgacha 2 soat 8 daqiqa, Buxorogacha 3 soat 51 daqiqa va Qarshigacha 3 soat 21 daqiqada masofani bosib o‘tadi.

    Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi yuqori tezlikdagi temir yo‘l infratuzilmasiga ega bo‘lgan dunyoning 20 mamlakat ro‘yxatidan joy egallab, «Global High-Speed Train Ranking» reytingiga kiritilgan Markaziy Osiyoning yagona mamlakati hisoblanadi.

    Yangi poezdlar bugungi kunda O‘zbekistonda foydalanilayotgan ushbu turdagi poezdlardan sezilarli farq qilmaydi. 2ta bosh lokomotiv va 11ta, shu jumladan, 2ta VIP-, 2ta Biznes-, 6ta Ekonom va 1-ta Bistro toifadagi vagonlardan iborat. Yangi poezdlardagi o‘rindiqlar soni – 286ta.

    Yangi keltirilgan poezd bilan Ispaniyaning Patentes Talgo S.L.U. kompaniyasining 25 mutaxassislari ham yetib keldi. Bizning mutaxassislar bilan birga ular bir oy davomida yangi poezdni sozlash va ishga tushirish ishlari hamda yangi harakat tarkibning test sinovlarini o‘tkazadilar. Bundan tashqari, mavjud 2 ta Ekonom toifadagi (xar biri 36ta o‘rinli) 218 o‘rinli «Afrosiyob» poezdlari, bugun yetib kelgan zaxira vagonlar (ikkita) bilan to‘ldiriladi va xar birida o‘rindiqlar soni 286ni tashkil etadi.

    Tadbir ishtirokchilari shuningdek, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibidagi Quyuv-mexanika hamda Andijon mexanika zavodlarida mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan katta hajmli konteynerlarni tashish uchun vagon-platforma, mineral o‘g‘it tashuvchi bunkerli (xopper) vagon va suyultirilgan gaz tashish uchun vagon-sisternalar bilan tanishdilar, deb xabar beradi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati.