“Afrosiyob”ning yangi harakat tarkibi Toshkentga yetkazildi

    Transport 25 Iyul 2021 1041

    Joriy yil iyul oyi boshida Ispaniyaning “Patentes Talgo S.L.U.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Afrosiyob”ning yangi poyezdi Ispaniyaning Bilbao shahridan Toshkentga joʻnatildi.

    Dastlab, yangi poyezd maxsus yuk kemada 4 000 kilometr masofani bosib oʻtib, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga yetkazildi. U yerda harakat tarkibining barcha vagon va lokomotivlari yigʻilib, yaxlit holatga keltirilganidan soʻng, 20-iyulda temir yoʻl orqali Oʻzbekistonga joʻnatildi. Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston Respublikasi hududlaridan yana 4 200 kilometr masofani bosib oʻtib, nihoyat 24-iyulda kechki payt Toshkentga yetkazildi.

    Eslatib oʻtamiz, ushbu rusumdagi poyezd Oʻzbekistonda beshinchi poyezd hisoblanadi. Joriy yil yakuniga qadar yana bitta shu turdagi yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd keltiriladi. Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi rivojlangan yuqori tezlikdagi temir yoʻl infratuzilmasiga ega boʻlgan 20 dunyo mamlakatlari roʻyxatidan oʻrin olgan boʻlib, dunyoning yuqori tezlikdagi poyezdlari reytingi (Global High-Speed Train Ranking)ga kiritilgan Markaziy Osiyoning yagona mamlakati hisoblanadi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.