Afruza Hamdamova oʻzbek shaxmatida ayollar oʻrtasida ilk jahon chempioni boʻldi

    Sport 24 Noyabr 2023 1545

    Italiyada oʻtayotgan shaxmat boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatining 14 yoshgacha boʻlgan yosh toifasida hamyurtimiz Afruza Hamdamova muddatidan avval jahon chempioni boʻldi.

    Oxirgi turda qanday natija boʻlishidan qatʼi nazar Afruza chempionga aylanadi, chunki unga yetib olishi mumkin boʻlgan yagona taʼqibchisi — qozogʻistonlik shaxmatchini oʻzaro oʻyinda magʻlub etgan.

    Musobaqa nizomiga koʻra, ochkolar teng kelib qolsa, oʻzaro oʻyinga qaraladi.

    UzChess kanalining yozishicha, Afruza Oʻzbekiston tarixida qizlar oʻrtasidagi ilk jahon chempioniga aylandi.

    Shu paytga qadar Gulruhbegim Tohirjonova va Bahora Abdusattorova oʻz yosh toifalarida kumush medalni qoʻlga kiritgan edi.