«Agorobank» va Xalq banki isteʼmolchilar huquqlarini buzdi

    Moliya 29 Iyun 2020 2017

    Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar doirasida joriy yilning birinchi yarim yilligida «Agrobank» va Xalq banki faoliyatida bank xizmatlari isteʼmolchilari huquqlarining buzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati maʼlum qildi.

    Xususan, ushbu banklar tomonidan qonun talablariga rioya qilmagan holda, mijozlarning hisobvaraqlariga mablagʻ kiritib qoʻyganlik uchun komissiya toʻlovlari undirilgan, omonat shartnomasi shartlariga bank tomonidan bir tomonlama oʻzgartirishlar kiritish huquqi koʻzda tutilgan. Shuningdek, banklarning axborot stendlarida notoʻgʻri va ahamiyatsiz (dolzarb boʻlmagan) maʼlumotlar joylashtirilgan, kredit shartnomasi shartlariga amal qilmagan holda, kredit toʻlovlari boʻyicha penyalar hisoblangan va boshqa qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilgan.

    Shu munosabat bilan aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatmalar berish bilan bir qatorda ushbu banklarga nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyalari qoʻllanildi.