Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, “Agrobank ATB”, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti rahbar xodimlari hamda qishloq xoʻjaligi sohasining mutaxassislari, olimlar, fermerlar, tadbirkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotda Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B. Tajiyev ishtirok etib, oʻquv kurslarining afzalliklariga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, sohada yuqori malakali, xalqaro tajribaga ega oʻqituvchilardan bilim olish imkoniyati mavjudligini, nazariy va amaliy mashgʻulotlarning uygʻunligi, sohadagi yetakchi biznes egalari tomonidan master klasslarda ishtirok etishi, biznes hamkorlar tarmogʻini kengaytirish imkoniyati va bularning barchasi bepul tarzda amalga oshirilishi taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, ushbu loyihadan koʻzlangan maqsad – qishloq xoʻjaligida yangi biznes yoʻnalishlarini ochish, bilimli va malakali yosh fermerlarni tayyorlash hamda ularning qishloq xoʻjaligi sohasida tadbirkorlik koʻnikmalarini oshirish, yoshlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni oʻrgatish.
Loyiha, mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari, jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari hamda Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti, Samarqand veterinariya va chorvachilik instituti, bir qator ilmiy tadqiqot institutlari, yirik ishlab chiqaruvchilar, klasterlar, mintaqalardagi koʻp yillik tajribaga ega dehqon va fermerlarni jalb etgan holda yoshlarni 2 oylik kurslarda (qisqa muddatli) oʻqitishni nazarda tutadi.
Fermerlar maktabi Respublikamizning 5 ta hududida — Toshkent, Andijon, Samarqand, Termiz va Nukus shaharlarida tashkil etilgan boʻlib, joriy yil 31-maydan boshlab sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan 150 nafar tinglovchi oʻqishni boshlaydi.
Amaliy darslar tajriba uchastkalari va yirik qishloq xoʻjaligi korxonalarida oʻtiladi.
Barcha tinglovchilar oʻquv kursini tugatganlik toʻgʻrisida hamda biznes rejalarni muvaffaqiyatli himoya qilgan tinglovchilar esa qoʻshimcha kredit sertifikatiga ega boʻladilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.